Yevropa ittifoqining iqlim kuzatish xizmati payshanba kuni avgust oyi dunyo miqyosida qayd etilgan eng issiq oy bo‘lganini ma’lum qildi. G‘arbiy Yevropa eng issiq yozni boshdan kechirgan bir paytda, okeanlardagi harorat ham misli ko‘rilmagan darajaga yetgan.
Kopernik Iqlim o‘zgarishi xizmatining bahosiga munosabat bildirgan BMT, insoniyat qazib olinadigan yoqilg‘ilardan voz kechmaguncha sayyora ilgari kuzatilmagan haroratlar tomon tobora yaqinlashishda davom etishi haqida ogohlantirdi.
Kopernik kuzatuvlari 1940 - yilgacha borib taqalsa - da muz yadrolari, daraxt halqalari va marjon skeletlari kabi boshqa dalillar olimlarga bugungi iqlimni ancha uzoq tarixiy davr doirasida baholash imkonini bermoqda.
Kopernikni boshqaruvchi Yevropa O‘rta muddatli ob - havo tahminlari markazi (ECMWF) vakili Samanta Burgess AFPga bergan intervyusida: «Insoniyat, ehtimol, kamida so‘nggi 100 ming yil davomida bugungi kundagidek yuqori haroratlarga guvoh bo‘lmagan» - dedi.
Kopernik ma’lumotlariga ko‘ra avgust oyida dunyo bo‘yicha o‘rtacha havo harorati 16,96 °C ga yetdi va 2023 - yilning iyul oyida qayd etilgan avvalgi oylik rekorddan 0,01 °C yuqori bo‘ldi. Farq juda kichik bo‘lgani sababli, Kopernik ushbu ikki oyni birgalikda qayd etilgan eng issiq oylar deb baholadi.
Olimlarning ta’kidlashicha ko‘mir, neft va gaz kabi qazilma yoqilg‘ilarning yoqilishi sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan sayyorani taxminan 1,4 °C ga isitdi hamda ekstremal ob - havo hodisalarining kuchi va yuz berish ehtimolini oshirdi.
Shunga qaramay, issiqlikni atmosferada ushlab qoluvchi issiqxona gazlari chiqindilari 2025 - yilda yangi rekord darajaga yetdi.
BMTning iqlim bo‘yicha mas’uli Saymon Stil Kopernik hisobotiga munosabat bildirar ekan: «Dalillarni inkor etib bo‘lmaydi: bu insoniyatning qazilma yoqilg‘ilarga tobora kuchayib borayotgan qaramligi va u oziqlantirayotgan global iqlim inqirozining ortib borayotgan narxidir» - dedi.















