TURK DUNYOSI
2 daqiqa o'qish
To'qayev TDTga a'zo davlatlar oliy sud organlari rahbarlarini qabul qildi
Uchrashuvda Turkiya, shuningdek, Ozarbayjon Oliy sudi raisi Inam Kerimov, Qirg‘iziston Oliy sudi raisi Mederbek Satiyev va O‘zbekiston Oliy sudi raisi birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov ishtirok etdi.
To'qayev TDTga a'zo davlatlar oliy sud organlari rahbarlarini qabul qildi
Президент Казахстана, Касым-Жомарт Токаев, Reuters

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Turk Davlatlari Tashkiloti (TDT)ga a’zo davlatlar oliy sud organlari raislarini Prezident qarorgohi «Oq O‘rda»da qabul qildi. Uchrashuvda Turkiyadan Oliy sud raisi O‘mer Kerkez va Davlat kengashi raisi Zeki Yigit, shuningdek, Ozarbayjon Oliy sudi raisi Inam Kerimov, Qirg‘iziston Oliy sudi raisi Mederbek Satiyev va O‘zbekiston Oliy sudi raisi birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov ishtirok etdi.

TDT 2-Oliy sudlar konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan qabulda To‘qayev TDT turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. A’zo davlatlar o‘rtasida, ayniqsa, sud va huquqni muhofaza qilish organlari sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etgan To‘qayev, Turkiston shahrida o‘tkaziladigan konferensiya buning yaqqol ko‘rsatkichlaridan biri ekanini aytdi.

Sud tizimi mamlakatlarning rivojlanishi va farovonligi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ifoda etgan To‘qayev, oliy sudlar o‘rtasidagi munosabatlarning chuqurlashtirilishi qardosh xalqlarning umumiy manfaatlariga xizmat qilishini qayd etdi. Raqamli transformatsiya jarayoniga ham e’tibor qaratgan To‘qayev, mamlakatlar bu sohada hamkorlikda harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Konferensiyada sud tizimini raqamlashtirish, investorlar huquqlarini himoya qilish va dolzarb huquqiy masalalar muhokama qilinishini aytgan To‘qayev, fikr almashish TDTning rivojlanishi va xalqaro nufuzining ortishiga hissa qo‘shishini bildirdi. Qozog‘iston TDT doirasidagi bunyodkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ham tilga oldi.

Boshqa tomondan, Qozog‘iston Oliy sudi raisi Aslambek Mergaliyev Turkiya Oliy sud raisi Kerkez va Davlat kengashi raisi Yigit bilan alohida uchrashdi. Kerkez TDT Oliy sudlar ittifoqi poydevori 2023-yilda Shushada qo‘yilganini, ittifoq 2024-yilda Antaliyada rasmiy maqom olganini eslatib o‘tdi. Yigit esa ushbu yig‘ilish turkiy davlatlar o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shishini ta’kidladi.