Isroil Buyuk Britaniyadan ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda joylashgan konsulligini yopishni talab qildi. Shuningdek, Britaniyaning ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohildagi noqonuniy Isroil manzilgohlariga qarshi joriy etgan sanksiyalariga javoban diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yubordi.
Isroillik bir rasmiy va masaladan xabardor ikki manbaning bildirishicha, Isroil Sharqiy Quddusdagi Britaniya konsulligi yopilishi hamda u yerda faoliyat yuritayotgan diplomatlarning akkreditatsiyasi 30 kun ichida bekor qilinishi haqida ma’lum qilgan.
Ikki manbaga ko‘ra, Isroilda AQSh boshchiligidagi G‘azo bo‘yicha muvofiqlashtirish missiyasiga tayinlangan Britaniya vakillari hamda Ramallohda faoliyat yuritayotgan britaniyalik diplomatlar ham yetti kun ichida mamlakatni tark etishi kerak.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar seshanba kuni bergan bayonotida, Buyuk Britaniyaning Falastinning ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil hududida joylashgan noqonuniy Isroil manzilgohlariga nisbatan sanksiyalar joriy etish qaroriga javoban, Falastin ma’muriyati huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan Sharqiy Quddusdagi konsulligini yopishi lozimligini bildirdi.
Buyuk Britaniyaga qo‘shilgan Fransiya va Kanada ham manzilgohlardan keltiriladigan mahsulotlar importini taqiqlashini ma’lum qildi.
Masaladan xabardor manbalar ismlari oshkor etilmasligi sharti bilan bergan ma’lumotga ko‘ra, sanksiyalar joriy etilishini kutayotgan Isroil hukumati Buyuk Britaniyaning bu qadamini qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlarga qanday javob qaytarishni muhokama qilish uchun chorshanba kuni yig‘iladi.
Netanyahuning idorasi ushbu masala yuzasidan izoh berish haqidagi so‘rovga javob bermadi.
Buyuk Britaniyaning qarorini qo‘llab-quvvatlagan Fransiya va Shvetsiyaning ham ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda Falastin ma’muriyati huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan konsulliklari mavjud.
Isroil avval ham ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning Ramalloh shahridagi diplomatik vakolatxonalar yopilishiga erishgan edi. Kanadaning ham ushbu shaharda vakolatxonasi bor.



















