Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Chxve Son Xui Koreya yarimorolini yadro qurollaridan xoli hududga aylantirish haqidagi chaqiriqlarni rad etib, mamlakati yadro qurollarini «barcha davrlarda abadiy saqlashini» aytdi.
Shimoliy Koreyaning rasmiy Koreya markaziy axborot agentligi — KCNA xabariga ko‘ra, Chxve Nyu-Yorkda Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya o‘rtasida o‘tkazilgan uch tomonlama muzokaralarni tanqid qildi.
U uch davlatning Shimoliy Koreyani yadro qurollaridan butunlay xoli qilish haqidagi qaroriga to‘xtalib: «Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri sifatida davlatimizning har qanday sharoitda ortga qaytarib bo‘lmaydigan va abadiy o‘zgarmas bo‘lib qoladigan yadro qurollarini barcha davrlarda saqlash borasidagi qat’iy irodasini yana bir bor eng kuchli tarzda tasdiqlayman», dedi.
Chxve «qarama-qarshilik va muloqotning bir vaqtda mavjud bo‘lishi» ayrim mamlakatlar uchun mumkinligini, biroq Shimoliy Koreya uchun bunday yo‘l maqbul emasligini bildirdi.
Nyu-Yorkda uchrashgan AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari Shimoliy Koreyani «yadro qurollaridan butunlay xoli qilish» borasidagi majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlagan edi.
Shimoliy Koreya raketa tizimi uchun o‘q-dorilarni sinovdan o‘tkazdi
Shuningdek, Shimoliy Koreya 22-sentabr kuni takomillashtirilgan 240 millimetrlik ko‘p stvolli raketa tizimi uchun o‘q-dorilar sinovini o‘tkazganini bildirdi.
KCNA ma’lumotiga ko‘ra, «avtonom aniq yo‘naltirish tizimi» bilan jihozlangan raketalar trayektoriya bo‘ylab uchish rejimida 100 kilometr, kombinatsiyalashgan sirpanib uchish rejimida esa 115 kilometr uzoqlikdagi nishonlarga zarba bera oladi.























