Suriyaliklar 61 yil davom etgan Baas rejimi qulashining birinchi yilligini bayramlar va mamlakatning erkin va xavfsiz kelajak tomon yangilanishi haqidagi katta umidlar bilan yodga olmoqda.
Poytaxt Damashq aholisi, ag‘darilgan Bashar al - Asad rejimi davridagi qiyinchiliklar ortda qolganini ifoda etgan holda yangi hukumat ayniqsa erkinlik, iqtisodiyot va xavfsizlik sohalarida Suriya kelajagini porlatishiga ishonchi komil ekanini bildirdi.
Asad rejimining qulashi ortidan tuzilgan yangi hukumat elektr energiyasi va davlat xizmatchilarining maoshlari kabi asosiy xizmatlarni ta’minlash bo‘yicha shaxdam qadamlar tashlab, fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiluvchi qarorlar qabul qildi.
Joriy yilning iyun oyida chiqqan prezident farmoniga ko‘ra davlat xizmatchilarining maoshi 250 ming Suriya funtidan (o‘sha paytda taxminan 15 dollar) 750 ming Suriya funtiga (taxminan 65 dollar) oshirildi.
Shu bilan birga o‘n to‘rt yillik bombardimonlar davomida jiddiy ziyon ko‘rgan mamlakatning energetika tarmog‘ini qayta ta’mirlash va tiklash ishlari boshlandi.
Energetika vazirligiga ko‘ra asosiy stansiyalardagi ishlar va Turkiya ko‘magida Ozarbayjondan olinayotgan tabiiy gaz hisobiga ishlab chiqarish quvvati oshdi.
Avval, ag‘darilgan hukumat davrida elektr energiyasi kuniga atigi bir necha soat berilardi; yangi choralar orqali ta’minot jadal ravishda kuniga 8 – 10 soatgacha chiqarildi.
Bundan tashqari Halab, Humus va Damashq kabi yirik shaharlarda 15 yildan beri birinchi marotaba sinov tariqasida 24 soat uzluksiz elektr energiyasi berildi.
Sednaya, Mazzah harbiy qamoqxonasi bilan Xatib kabi Suriya xalqi ustida qorong‘u va og‘ir izlar qoldirgan qamoqxonalar butunlay yopildi.
«Suriya judayam yaxsh tomon shaxdam qadam tashlamoqda»
Damashqlik Kris Tume, Asad rejimi davrida yoqilg‘i tanqisligi yuzasidan transport deyarli alohida fojiyaga aylangani; insonlar xizmatdan foydalanish uchun soatlarlab navbat kutganini bildirdi.
«Endilikda transportga bir zumda erishish mumkin. Benzin va dizel imkoniyati tufayli hayot iziga tushdi», - degan Tume so‘zlari davomida: «Suriya judayam yaxsh tomon shaxdam qadam tashlamoqda», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Tume, texnologiya tashabbuslari yillar davomida to‘xtatilgani, sun’iy intellekt sohasi esa faqat shu yili rivojlana boshlaganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
U shuningdek: «Yangilik yoki o‘zgarish biz bilan boshlandi. Shunday ekan insonlar o‘zgarar ekan, jamiyat ham o‘zgaradi», - dedi.
«O‘n to‘rt yildan keyin qayta olishning o‘zi bir inqilob»
O‘n to‘rt yildan keyin Suriyaga qaytgan Zayn al - Abidin, ag‘darilgan rejim davrida ko‘chada gapirishning o‘zi taqiqlanganiga e’tibor qaratdi.
«Avvallari o‘z ko‘z qarashingni bildirish man etilgandi. Bugun esa bemalol gapira olyapmiz», - dedi Abidin.
So‘zlari davomida: «Hech narsa o‘zgarmadi deganlar yo ko‘rmayapti yoki ko‘rishni istamayapti. O‘n to‘rt yildan keyin yurtimizga qaytib kelishning o‘zi katta inqilob», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
U, infratuzilma va xizmatlarda ko‘zga ko‘rinarli yaxshilanishlar borligini ifoda etdi.
So‘zlari yakunida esa: «Yo‘llar qurilyapti, insonlar pul uchun emas, mamlakatini ko‘tarish uchun ishlayapti», - dedi.
«Mamlakat haqiqatan ham tiklanmoqda»
Damashqliklardan Maryam al - Xolid esa, avvaliga nisbatan xavfsizlik muhiti keskin yaxshilanganiga alohida e’tibor qaratdi.
Sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishdagi avvalgi qiyinchiliklarga ishora qilib, Xolid: «Kecha… inkubatorga muhtoj bo‘lgan chaqaloq darhol qabul qilindi. Oldin esa bu tanish -bilishsiz imkonsiz edi», - dedi.
U shahar tozaligi, infratuzilma, tabiiy hududlar va ta’limda tez yaxshilanishlar kuzatilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
«Mamlakat haqiqatan ham tiklanmoqda», - degan Xolid va amalga oshirilayotgan islohotlar Suriyani boshqa oddiy davlatlar kabi bo‘lib borayotganini qo‘shimcha qildi.
«Bugun hamma joyda ishonch bor»
2012 - yildan beri Damashqqa bormagan Xolid al - Xatib, Asad rejimi davridagi xavfsizlik bosimlarini yodga olar ekan mavzu haqida:
«O‘sha paytlar u yer qamoqxonaga o‘xshardi. Shaharni tark etish esa bir orzudek edi. Bugun esa hamma joyda ishonch, hurmat va qadr - qimmat bor», - dedi.
U iqtisodiy tiklanishga ishora qilib: «Dollar 17 mingdan 12 mingga tushdi. Hammasi izga tushyapti. Suriya eng yaxshilariga loyiq», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
G‘adir Masifaa esa yurtidagi o‘zgarishlarni «ilohiy mo‘jiza» degan so‘zlar bilan ta’riflar ekan so‘zlarini shunday davom etdi:
«Jarablusdan Damashqqa pasportsiz, chiptasiz keldim. Hech kim mendan qayoqqa ketayotganimni so‘ramadi. Bu erkinlikdir».
U mamlakat kelajagi borasida optimist ekaniga ham alohida e’tibor qaratib: «Suriya shaxdam qadamlar tashlamoqda, ko‘tarilayapti. Insonlar bu o‘zgarishning harakatlantiruvchi kuchi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Vataniga qaytganlarning barchasini tabriklayman. Ular Suriyaga kerak», - dedi.







