Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan juma kuni AQShning Mayami shahrida G‘azo kun tartibidagi yig‘ilishda qatnashadi.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan bayonotda:
“Hurmatli vazirimiz AQSh, Misr va Qatar vakillari ishtirokida ertaga (19-dekabr) Mayami shahrida o‘tkaziladigan G‘azo mavzusidagi yig‘ilishga qatnashadi. Yig‘ilish doirasida boshqa mintaqaviy masalalar bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkaziladi”, — deyiladi.
Avvalroq Oq uydagi bir rasmiy shaxs Anadolu agentligiga, maxsus vakil Stiv Uitkoff G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining keyingi bosqichini muhokama qilish uchun Turkiya, Qatar va Misr vakillari bilan uchrashishini bildirgan edi.
Mazkur yig‘ilish Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan qariyb ikki oy o‘tib o‘tkazilmoqda. Kelishuvning birinchi bosqichi jangovar harakatlarni to‘xtatish, Isroilning kuchlarini qisman olib chiqishi, garov–asir almashinuvi hamda Falastin aholi yashash hududlariga to‘liq miqyosda gumanitar yordam kirishini o‘z ichiga olgan edi.
AQSh Prezidenti Donald Trampning 20 banddan iborat rejasida nazarda tutilgan ikkinchi bosqich xalqaro barqarorlik kuchlarini (ISF) joylashtirish, Hamasni qurolsizlantirish, Isroilning hududdan to‘liq chiqishi va G‘azoni vaqtincha boshqaradigan “texnokrat” Falastin qo‘mitasini tuzishni ko‘zda tutadi.
Falastinliklar Isroilni 2023-yil oktabridan buyon, asosan ayollar va bolalar bo‘lgan 70 mingdan ortiq kishining halok bo‘lishiga va 170 mingdan ziyod kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan ikki yillik urushni to‘xtatgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini bir necha bor buzishda ayblamoqda.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari natijasida kamida 395 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 1 088 kishi esa jarohatlangan.















