DUNYO
2 daqiqa o'qish
Yevroparlamentning 60 deputati YIni Isroilga qarshi sanksiyalar uchun yig‘ilishga chaqirdi
Deputatlar Yevropa Ittifoqining Isroilga nisbatan siyosatida ikki tomonlama standart qo‘llanayotganini va bunga barham berish zarurligini ta’kidladi.
Yevroparlamentning 60 deputati YIni Isroilga qarshi sanksiyalar uchun yig‘ilishga chaqirdi
Yevropa parlamentining 60 nafar deputati Yevropa Ittifoqi Isroil siyosatida ikki tomonlama standart qo‘llayotganini va bunga chek qo‘yish kerakligini ta’kidladi.

Yevropa Parlamentining 60 nafar deputati Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallasni Isroil hukumatiga qarshi sanksiyalar borasida kelishuvga erishish uchun YI tashqi ishlar vazirlarini zudlik bilan yig‘ishga chaqirdi.

Yevroparlamentdagi turli siyosiy guruhlarga mansub 60 nafar deputatning Kallasga yo‘llagan maktubida, Tel-Aviv 23-oktabr kuni Xalil shahrida ikki nafar isroillik askar halok bo‘lganidan so‘ng G‘arbiy Sohilni qamal qilgani bildirildi.

Deputatlar G‘arbiy Sohilda yuz berayotgan voqealar jamoaviy jazolash xususiyatiga ega ekanini ta’kidlab, shunday dedi: “Isroil hukumati xalqaro huquqqa ko‘ra harbiy jinoyat hisoblangan jamoaviy jazolash usuli orqali Falastin hududlaridagi noqonuniy ishg‘olini yanada mustahkamlashni va Isroildagi saylovlar oldidan keskinlikni yanada kuchaytirishni maqsad qilgan”.

Deputatlar Xalilda falastinliklarning uylari buzilayotgani, oilalarga uylarini tark etish uchun atigi 5 daqiqa vaqt berilganini qayd etib: “Bu G‘arbiy Sohilning kelajagi va Falastin davlatining mavjudligini davom ettirishi uchun muhim burilish nuqtasidir”, deya baholadi.

Deputatlar YI Isroil hukumatining G‘arbiy Sohilga qaratilgan keng ko‘lamli hujumi qarshisida sukut saqlay olmasligini bildirib, ittifoqdan Tel-Avivning harakatlarini qoralashni va Isroil askarlarini G‘arbiy Sohildan olib chiqishga chaqirishni talab qildi. Shuningdek, ular Isroil hukumatiga qarshi sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga erishish uchun tashqi ishlar vazirlarini zudlik bilan yig‘ishga chaqirdi.

YIning Isroilga nisbatan siyosatida ikki tomonlama standart qo‘llanayotganini va bunga barham berish zarurligini ta’kidlagan deputatlar Kallasni YI–Isroil sheriklik bitimini to‘liq to‘xtatib turish taklifini kiritishga chaqirdi.