Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an: «Mintaqamiz inqirozlar, urushlar va to‘qnashuvlar bilan kurashayotgan murakkab bir davrda xalqimizni bu xavf-xatarlardan uzoq tutdik», dedi.
Erdo‘g‘an 107 yil avval, ya’ni Mustaqillik urushining ilk qadami qo‘yilgan 1919-yilda Samsundan boshlangan istiqlol yurishi bugun buyuk va qudratli Turkiya sari davom etayotganini ta’kidladi.
«Hozir ortimizda istiqloldan istiqbolga cho‘zilgan ushbu yo‘lning ikki kuchli ramzi bizga hamrohlik qilmoqda. Bir tomonda Bandirma kemasi, uning yonida esa TCG Anadolu kemasi turibdi. Bandirma kemasi bilan boshlanib, TCG Anadolu bilan davom etgan bu yo‘l Turkiyaning qayerdan qayerga yetib kelganining ham bir belgisidir. Allohga hamd bo‘lsin, shu kungacha biz bo‘ronli dengizlarda Turkiyani tinch va xavfsiz sohilga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Mintaqamiz inqirozlar, urushlar va to‘qnashuvlar bilan kurashayotgan murakkab bir davrda xalqimizni bu xavf-xatarlardan uzoq tutdik. Mamlakatimizga ko‘plab sohalarda tarixiy muvaffaqiyatlar va g‘alabalar keltirdik», dedi Erdo‘g‘an.
Bir o‘quvchining «Terrorsiz Turkiya» jarayoniga oid savoliga javoban Erdo‘g‘an: «Janubi-sharqiy va Sharqiy Anadolu hududlarida terror bilan bog‘liq muammolarimiz juda katta edi. Ammo Allohga hamd bo‘lsin, hozir Janubi-sharqiy va Sharqiy Anadoluda endi terror degan narsa qolmadi», dedi.
Prezident mintaqada endi muammolar qolmaganini bildirib, maqsad Janubi-sharqiy va Sharqiy Anadolu hududlarining barcha joylarida tinch va osoyishta muhitni qaror toptirish ekanini ta’kidladi.






















