DUNYO
3 daqiqa o'qish
Eron-AQSh muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirdi: Tehron ham, Vashington ham takliflarni rad etdi
Dunyo AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokara jarayonini yaqindan kuzatmoqda. Eron AQShning taklifiga javobini vositachilar orqali yetkazdi.
Eron-AQSh muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirdi: Tehron ham, Vashington ham takliflarni rad etdi
Dunyo AQSH va Eron o'rtasidagi muzokara jarayonini yaqindan kuzatmoqda. / TRT World

Eron matbuoti AQSh taklifi “Eronning Trampning haddan tashqari talablariga bo‘ysunishi” ma’nosini anglatishini ta’kidlab, Tehron taklifni rad etganini bildirdi. AQSh Prezidenti Donald Tramp esa Eronning javobini qabul qilib bo‘lmaydigan deb atadi.

Dunyo AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokara jarayoniga diqqat qaratmoqda.

Eronning rasmiy IRNA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Tehron AQShning hujumlarni to‘xtatishga qaratilgan taklifiga javobini vositachilarga topshirdi.

Tehron Vashingtonning dastlabki taklifiga munosabatini Pokiston orqali yetkazdi. Javob tafsilotlari Eron va AQSh matbuotida turlicha talqin qilindi.

“AQSh taklifi taslim bo‘lish demakdir”

Eron matbuotida AQSh taklifi Tehronning Trampning keskin talablariga bo‘ysunishi ma’nosini anglatishi qayd etildi va taklif Eron tomonidan rad qilingani bildirildi.

Eronning yarim rasmiy TASNIM agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Tehronning asosiy talablaridan biri — Hurmuz bo‘g‘ozidagi Amerika blokadasining bekor qilinishidir. Bundan tashqari, urushning barcha frontlarda darhol to‘xtatilishi hamda hujum qilmaslik kafolati ham talablar orasida o‘rin olgan.

Eron, shuningdek, neft savdosiga qo‘yilgan sanksiyalar 30 kun ichida bekor qilinishini talab qildi. Bundan tashqari, qarshi taklifda AQShning urush uchun tovon puli to‘lashi va Eronning Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan suverenitetini tan olishi kabi moddalar ham mavjud ekani bildirildi.

AQSh matbuoti esa Tehron dengiz blokadasi bekor qilinishi evaziga Hurmuz bo‘g‘ozini tijoriy qatnov uchun bosqichma-bosqich qayta ochishni taklif qilganini yozdi.

Shuningdek, Eron uranni boyitishni AQSh taklif qilgan 20 yillik moratoriydan qisqaroq muddatga to‘xtatishga tayyor ekani, biroq yadro inshootlarini butunlay yo‘q qilishni rad etgani bildirildi.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Eronning so‘nggi taklifi yuqori darajada boyitilgan uranning bir qismini suyultirish va qolgan qismini uchinchi davlatga yuborishni o‘z ichiga oladi. Ammo muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, ushbu uranning qaytarilishiga kafolat talab qilinmoqda.

“Bu menga umuman yoqmadi, qabul qilib bo‘lmaydi”

AQSh Prezidenti Donald Tramp Truth Social platformasidagi bayonotida Eronning taklifini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” deb baholadi.

Tramp Axios muxbiri Barak Ravid bilan telefon suhbatida ham Tehronning javobini “qiymatsiz” deb atadi.

Tramp Eron 47 yildan beri AQSh bilan “o‘yin o‘ynayotganini” iddao qilib, sobiq Prezident Barak Obama davrida imzolangan Yadro kelishuvini ham Eronning muvaffaqiyati sifatida baholadi.

Tramp, agar Eron bilan kelishuvga erishilmasa, “Ozodlik loyihasi” operatsiyasini yanada kengroq shaklda qayta boshlashlari mumkinligini aytib, “Bu holda loyiha ‘Ozodlik loyihasiga aylanadi”, deya ogohlantirdi.

Shuningdek, Tramp Eronning uran zaxiralari joylashgan hududlarni sun’iy yo‘ldosh orqali aniqlaganliklarini va Eron u yerlarga yaqinlashsa, zarba berilishini ham ma’lum qildi.

“Maqsadimiz Trampni rozi qilish emas”

Eron tomoni Trampning bayonotlariga javoban: “Bizning maqsadimiz Trampni mamnun qilish emas”, degan bayonot berdi.

Jarayonda Isroil omili ham tobora yaqqol ko‘rinmoqda. Netanyahu Eronning yadroviy dasturini to‘liq to‘xtatmaydigan hech qanday kelishuvni qabul qilmasliklarini Vashingtonga bildirgani iddao qilindi.

Manbalarga ko‘ra, Tel-Aviv Tehronning bu jarayondan vaqt yutish uchun foydalanayotgani haqida ham ogohlantirgan.

Blokada davom etmoqda

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari bugungacha Eron portlariga kirish yoki chiqishga uringan 57 tijoriy kemani boshqa yo‘nalishlarga burib yuborgani, 4 kemani esa faoliyatdan to‘xtatgani ma’lum qilindi.

Wall Street Journal gazetasi yangi muzokara bosqichi Pokiston poytaxti Islomobodda “eng erta kelasi hafta” qayta boshlanishi mumkinligini yozdi.