G‘azoni qayta tiklash bo‘yicha 2,45 milliard dollarlik shoshilinch reja e’lon qilinadi.
Tinchlik kengashi chorshanba kungi yig‘ilishida G‘azo sektorini urushdan keyin oyoqqa turg‘izishga qaratilgan 6 oylik keng qamrovli dasturni taqdim etadi. Mazkur tashabbus doirasida vaqtincha turar-joylar barpo etish, vayronalarni tozalash, shifoxonalarni ta’mirlash, iqtisodiyotni jonlantirish hamda ko‘p millatli xavfsizlik kuchlarini joylashtirish kabi kechiktirib bo‘lmas choralar o‘rin olgan.
28 a’zodan iborat Tinchlik kengashi va Falastin texnokratik hukumati vakillari tomonidan bir yil davomida tayyorlangan ushbu loyiha jami 66 ta strategik dasturni o‘z ichiga oladi. Kengash vakilining ta’kidlashicha, mazkur reja mutloq vayronaga aylangan hududda boshqaruvni qayta tiklash, izdan chiqqan iqtisodiyotni jonlantirish va inqirozga uchragan infratuzilmani noldan qurish yo‘l xaritasini ko‘rsatib beradi.
Tramp yetakchiligidagi tashabbus va uning vazifalari
Ushbu Tinchlik kengashi joriy yilning yanvar oyida AQSh Prezidenti Donald Trampning G‘aza uchun kengroq tinchlik dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unga Trampning o‘zi raislik qilmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashining 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan mazkur organga G‘azodagi siyosiy boshqaruv, xavfsizlik tizimi va qayta qurish jarayonlarini to‘liq nazorat qilish vazifasi yuklangan.
G‘azodagi fojia ko‘lami
E’lon qilinayotgan ushbu shoshilinch yordam paketi mintaqadagi misli ko‘rilmagan vayronagarchiliklar fonida o‘rtaga chiqmoqda. Isroilning 2023-yil 8-oktyabrdan buyon G‘azoda olib borayotgan qatliom urushi oqibatida 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 174 mingdan ziyod kishi jarohatlandi. Shuningdek, sektor infratuzilmasining salkam 90 foizi butunlay vayron qilingan yoki yaroqsiz holatga keltirilgan.























