Bosqin ostidagi Sharqiy Quddusning sobiq bosh muftiysi va taniqli islom olimi, Quddus Oliy Islom kengashi raisi Shayx Ikrima Sabri, Isroil hukumatining muqaddas Ramazon oyida musulmonlarning Masjidi Aqsaga kirishini cheklash niyatida ekanini bildirdi. Shayx Sabri Anadolu agentligiga bergan intervyusida, musulmonlarning uchinchi eng muqaddas masjidiga qo‘yiladigan bu to‘siqlardan chuqur qayg‘uda ekanini aytdi.
Isroilning bu niyatlari yanvar oyining boshida ochiq ko‘rindi. Itamar Ben-Gvir tomonidan Avshalom Peledning Sharqiy Quddus politsiya qo‘mondoni etib tayinlanishi, o‘ta o‘ngchi hukumatning Masjidi Aqsadagi vaziyatni yanada keskinlashtirish yo‘lidagi qadami sifatida baholandi. Isroilning "Haaretz" gazetasi ham Ben-Gvirning olovga moy sepishga harakat qilayotganini yozdi.
Shayx Sabrining ta’kidlashicha, musulmonlar Ramazonni xursandchilik bilan kutishadi, biroq Isroil ma’murlari qo‘llayotgan qattiq choralar bu quvonchga soya solmoqda. Hukumat ko‘plab yoshlarni masjidga kirishdan man qilgan va G‘arbiy Sohildan keladiganlar uchun hech qanday yengillik berilmasligini e’lon qilgan. Bu holat ibodat qilish erkinligiga zid bo‘lib, o‘tgan yillarga qaraganda jamoat sonining ancha kamayishiga olib keladi.
Qattiq cheklovlar va to‘siqlar siyosati Odatda G‘arbiy Sohildan yuz minglab falastinliklar Ramazon oyida namoz o‘qish uchun Sharqiy Quddusga kelishadi. Ammo Isroil 2023-yil 7-oktabrdan keyin nazorat punktlarida cheklovlarni yanada kuchaytirdi. Hozirda faqat sanoqli kishilargagina ruxsatnomalar berilmoqda, bu ruxsatnomalarni olish esa juda qiyin. Bu yilgi Ramazon uchun ham hech qanday maxsus qulayliklar e’lon qilinmadi. Aksincha, yuzlab yosh falastinliklarga olti oygacha masjidga kirish taqiqlab qo‘yildi.
Maqsad — muqaddas maskanda hukmronlik o‘rnatish Bu choralar Netanyaxu boshchiligidagi o‘ta o‘ngchi hukumatning uzoq yillik "status-kvo"ni o‘zgartirishga urinishlari fonida amalga oshirilmoqda. Mahalliy politsiya 2003-yildan beri ekstremistlarning masjid hovlisiga bostirib kirishiga ruxsat berib kelmoqda. Shayx Sabri: "O‘ngchi hukumat Aqsaga nisbatan tajovuzkor rejasini amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Bir paytlar yashirin bo‘lgan maqsadlar endi ochiq-oydin bo‘lib qoldi", dedi.
Isroilning choralari nafaqat masjid bilan, balki Sharqiy Quddusdagi Falastin xonadonlarining buzilishi bilan ham davom etmoqda. Sabri bu siyosatni irqchi, adolatsiz va insoniylikka zid deb atadi. U barcha musulmon xalqlari va rahbarlarini Quddusdagi falastinliklarga yordam berishga hamda Masjidi Aqsani himoya qilishga chaqirdi.








