Bolgariyada poytaxt Sofiyani Burgas bilan bog‘lovchi "Trakiya" avtomagistralida quyuq tuman tufayli yuz bergan ikki alohida zanjirli yo‘l-transport hodisasida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi halok bo‘ldi, 16 kishi jarohatlandi.
Milliy matbuotda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 07:00 lar atrofida "Trakiya" avtomagistralida ikki alohida zanjirli avtohalokat sodir bo‘lgan.
Sliven viloyati gubernatori Mixail Kasherov matbuotga bergan bayonotida, hodisalarga taxminan 70 ta transport vositasi aralashganini ta’kidlab, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 10 kishi hayotdan ko‘z yumgani, 16 kishi esa jarohat olganini ma’lum qildi.
Yengil avtomobillar va og‘ir yuk mashinalari ishtirokidagi avariyalardan so‘ng avtomagistral har ikki yo‘nalishda harakat uchun yopildi, politsiya xodimlari hududda xavfsizlik choralarini ko‘rdi.
Yambol hududida haydovchilarni hodisalar va muqobil yo‘nalishlar haqida xabardor qilish maqsadida "BG-ALERT" favqulodda ogohlantirish tizimi ishga tushirildi.
Voqea joyiga Yambol, Sliven va Burgasdan tez yordam mashinalari hamda tibbiy vertolyot yuborilgan bo‘lib, hududda 14 ta o‘t o‘chirish guruhi ish olib borayotgani bildirildi.
Mudofaa vazirligi jarohatlanganlarni tashishga ko‘maklashish maqsadida "Spartan" rusumli yuk samolyoti Burgasga yo‘l olganini e’lon qildi.























