Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan AQShda Misr va Qatar rasmiylari ishtirokida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar ortidan bayonot berdi va unda Isroilning qonunbuzarliklari Gʻazodagi tinchlik rejasi sa’y - harakatlarini ortiqcha murakkablashtirayotganini ta’kidladi.
AQSh, Turkiya, Misr va Qatar juma kuni (19.12.2025) Mayami shahrida yigʻilish oʻtkazib, Gʻazodagi oxirgi vaziyatni muhokama qildi. Muzokaralarda Turkiya nomidan ishtirok etgan Hakan Fidan shanba kuni (20.12.2025) jurnalistlarga bergan bayonotida uchrashuv tafsilotlari bilan boʻlishdi.
Oʻz soʻzida, Sharm ash - Shayx Tinchlik sammitida erishilgan kelishuv asosida amalga oshirilayotgan Gʻazo Tinchlik rejasidan beri ancha vaqt oʻtganini eslatib oʻtgan Hakan Fidan bu borada:
«Oxirgi mahbus ozod etilishi ortidan birinchi bosqich yakunlandi va hozirda ikkinchi bosqichga oʻtish parametrlari muhokama qilinmoqda. Balki Sharm ash - Shayxdan keyingi eng muhim uchrashuv kechagisi boʻldi. Ochigʻini aytganda, kecha kech soatlargacha turli format va maydonlarda muzokaralarni davom ettirdik», - dedi.
Uchrashuvni «umid beruvchi» deb baholagan Fidan, tomonlar birinchi bosqichda yuzaga kelgan muammolarni batafsil muhokama qilish imkoniga ega boʻlganini ifoda etgan holda bu borada:
«Turkiya sifatida, Isroilning oʻt ochishni toʻxtatish rejimini buzishi tinchlik rejasini xavf ostiga qoʻyayotgani va ikkinchi bosqichga oʻtishda katta xavflar tugʻdirayotganini ochiq - oydin yetkazdik. Isroilning davom etayotgan qonunbuzarliklari jarayonni nihoyatda murakkablashtirmoqda. Koʻrib turganimizdek, barcha tomonlar bu borada hamfikr. Shunday ekan biz ham buni qanday oldini olish mumkinligi ustidan turli maslahatlashuvlar oʻtkazdik», - degan ifodalarga oʻrin berdi.
Gʻazoning qayta qurilishi va boshqaruvi
Ikkinchi bosqichga oʻtish doirasida Gʻazoning qayta qurilishi boʻyicha taqdim etilgan dastlabki loyiha ham koʻrib chiqilganini ta’kidlagan Fidan, Turkiyaning: «Gʻazo gʻazoliklar tomonidan boshqarilishi lozim, Gʻazoning hududiy yaxlitligining saqlab qolinishi va u hech qachon boʻlinmasligi kerak va Gʻazoda amalga oshiriladigan barcha ishlar gʻazoliklar manfaatiga xizmat qilishi shart» - deyilgan uch moddalik sharti haqida gapirdi.
Texnokratlar qoʻmitasi va barqarorlik kuchi
Gʻazoni boshqarish ishlarini texnokratlardan iborat qoʻmitaga topshirilishi mumkin boʻlgan muddatlardan tashqari Tinchlik kengashini tuzish va parallel ravishda Xalqaro Barqarorlik kuchini shakllantirish masalalari ham muhokama qilinganini bildirgan Fidan:
«Menimcha, bu Sharm ash - Shayxdan beri eng yuqori darajada oʻtkazilgan eng muhim uchrashuv boʻldi», - dedi.
Shuningdek, Fidan insonparvarlik yordami masalasining oʻta muhim ekaniga e’tibor qaratgan holda Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻan bu masalaga alohida e’tibor berganini oʻz soʻziga ilova etdi.



















