DUNYO
2 daqiqa o'qish
AQSH, Rossiya va Xitoy Eron yadro dasturi bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashida to‘qnash keldi
BMT Xavfsizlik Kengashida Eronning yadro dasturi va sanksiyalarni qo‘llash masalasida qarashlar bo‘linishi chuqurlashmoqda; Vashington ma’muriyati Moskva va Pekinni Tehronni himoya qilishda ayblayapti.
AQSH, Rossiya va Xitoy Eron yadro dasturi bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashida to‘qnash keldi
BMT Xavfsizlik Kengashida AQSh, Rossiya va Xitoy Eron sanksiyalari boʻyicha toʻqnash kelishi ortidan keskin tafovut yuzaga keldi. / Reuters
2 соат олдин

Vashington ikki hafta oldin Eronga qarshi boshlagan urushni yanada oqlashga urinayotgan bir paytda, Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH) va G‘arbdagi ittifoqchilari Eronning yadroviy rejalari borasida Birlashgan Millatlar Tashkilotida (BMT) Rossiya va Xitoy bilan yuzma-yuz keldi.

AQSH ushbu oyda raislik qilayotgan 15 a’zolik BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida, Rossiya va Xitoy Eronga nisbatan BMT sanksiyalarini nazorat qilish va tatbiq etish uchun tuzilgan qo‘mita faoliyatini muhokama qilishga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldi, biroq bunga erisha olmadi. Mazkur tashabbus 11 ga qarshi 2 ovoz bilan rad etildi; 2 a’zo betaraf qoldi.

Kengashda so‘zga chiqqan AQSHning BMTdagi elchisi Mayk Vals Moskva va Pekinni "1737-sonli Qo‘mita" ishini to‘xtatib qo‘yish orqali Tehronni himoya qilishga urinayotganlikda aybladi. Vals: “BMTga a’zo barcha davlatlar Eronga qarshi qurol embargosini qo‘llashi, raketa texnologiyalari o’tkazishi  va savdosini taqiqlashi hamda tegishli moliyaviy aktivlarni muzlatib qo‘yishi shart. Qayta joriy etiladigan BMT qoidalari o‘zboshimchalik emas; aksincha, bu Eronning yadroviy, raketa va oddiy qurollar dasturi hamda Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan terrorizm tahdidini bartaraf etishga qaratilgan”, — deb ta’kidladi.

Vals, shuningdek, BMT Xalqaro atom energiyasi agentligi yaqinda Eron yadro quroliga ega bo‘lmagan, ammo 60 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqarayotgan va to‘playotgan yagona davlat ekanini takrorlaganini hamda agentlikning ushbu zaxiralarga kirishiga ruxsat bermayotganini eslatib o‘tdi.

O‘zaro ayblovlar

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya bu da’volarni rad etib, AQSH va uning ittifoqchilarini Eronning yadroviy niyatlari atrofida vahima uyg‘otishda aybladi. "Bu Tehronga qarshi navbatdagi harbiy sarguzashtga kirishish va Yaqin Sharq hamda undan tashqarida vaziyatni keskinlashtirish uchun qilinmoqda", — dedi u.

Xitoyning BMTdagi vakili Fu Soun ham Vashingtonni tanqid qilib, AQSHni Eron yadro inqirozining "qo‘zg‘atuvchisi" deb atadi. Fu AQSHning "muzokaralar jarayonida Eronga nisbatan ochiqdan-ochiq kuch ishlatgani" diplomatik urinishlarga bolta urayotganini bildirdi.

Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravoniy esa jurnalistlarga Tehronning yadro dasturi "har doim faqat tinch maqsadlarni ko‘zlagani" va Eron sanksiyalarni qayta tiklashga qaratilgan har qanday urinishni tan olmasligini aytdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp urush uchun asos sifatida muntazam ravishda Eronning yadro dasturini ko‘rsatib kelmoqda. Tramp ushbu oyning boshida, agar AQSH o‘tgan yilning iyun oyida uchta muhim yadroviy nishonni urmaganida, Eron ikki hafta ichida yadro quroliga ega bo‘lishini iddao qilgan edi. Biroq, manbalarga ko‘ra, bu da’vo AQSH razvedka ma’lumotlari bilan tasdiqlanmagan.

Angliya va Fransiya Xavfsizlik Kengashiga sanksiyalarni qayta joriy etishga sabab qilib, Tehronning yadroviy faoliyati bilan bog‘liq xalqaro xavotirlarni bartaraf etmaganini ko‘rsatdi.