DUNYO
1 daqiqa o'qish
Rossiyaning “Ozon” kompaniyasiga qarashli uchta omborga dronlar bilan hujum qilindi
Dog‘istondagi logistika markazida yong‘in kelib chiqdi.
Rossiyaning “Ozon” kompaniyasiga qarashli uchta omborga dronlar bilan hujum qilindi
(ARXIV) Rossiyaning Leningrad viloyatidagi elektron tijorat omboriga ham dron hujumi uyushtirilgan edi

Rossiyada “Ozon” elektron tijorat platformasining uchta hududdagi omborlari faoliyati dron hujumlari sababli vaqtincha to‘xtatildi. Dog‘istondagi logistika markazida esa yong‘in yuz berdi.

“Ozon” kompaniyasi tarqatgan yozma bayonotda Rossiyaning Dog‘iston mintaqasidagi Maxachqal’a shahrida joylashgan logistika markaziga dron hujumi uyushtirilgani bildirildi.

Bayonotda markaz xodimlari evakuatsiya qilingani, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kishi jarohatlangani qayd etildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan jarohatlanganlarning hayotiga xavf yo‘qligi ma’lum qilindi.

Hujumdan keyin chiqqan yong‘inni favqulodda vaziyatlar xizmati guruhlari bartaraf etayotgani, ombor faoliyati esa to‘xtatilgani bildirildi.

“Ozon”ning Adigeysk va Nevinnomissk shaharlaridagi omborlari ham tunda dron hujumlari tufayli evakuatsiya qilingani ma’lum qilindi.

Mazkur obyektlarda xodimlar jarohatlanmagani, omborlar va mahsulotlarga zarar yetmagani ta’kidlandi. Favqulodda vaziyatlar xizmati guruhlari olib borayotgan ishlar sababli omborlar vaqtincha yopildi.

Ukraina so‘nggi paytlarda Rossiyada faoliyat yurituvchi boshqa bir elektron tijorat platformasi — “Wildberries”ga qarashli omborlar va logistika markazlariga ham dron hujumlari uyushtirgan edi.