TURKIYA
5 daqiqa o'qish
Ibrahim Kalin: Muammo Falastin emas, bosib olishdir
Ibrahim Kalin, «TRT World Forum 2026» doirasida uyushtirilgan «Xalqaro huquq va insonparvarlik inqirozi kesishgan nuqtada G‘azo» - nomli panel sessiyasi oldidan nutq so‘zladi.
Ibrahim Kalin: Muammo Falastin emas, bosib olishdir
_

Turkiya Respublikasi Milliy Razvedka tashkiloti (MRT) rahbari Ibrahim Kalin Istanbul Kongress markazida «Markazsiz dunyo: qoidalar o‘z kuchini yo‘qotganda kim yetakchilik qiladi?» - degan nom ostida «TRT World Forum 2026» doirasida uyushtirilgan «Xalqaro huquq va insonparvarlik inqirozi kesishgan nuqtada G‘azo» - nomli panel sessiyasi oldidan nutq so‘zladi.

Ibrahim Kalin siyosat axloqsiz ko‘r, axloq esa ijtimoiy va siyosiy hokimiyatsiz kuchsiz bo‘lishini ta’kidlagan holda bugungi dunyoda aynan shu haqiqatlarning ayrimlari namoyon bo‘layotganini ifoda etdi.

G‘azo falastinliklar tarixining bir qismi ekanini ta’kidlagan Kalin, ba’zan G‘azo masalasini kengroq Falastin muammosidan ajratib ko‘rsatishga moyillik kuzatilishi ammo G‘azo Falastinning, Falastin esa adolat, qadr - qimmat va barcha uchun tenglik kurashining bir qismi ekanini ta’kidladi.

Kalin bu kurash faqat «bir bo‘lak yer» uchun emas, balki global va umuminsoniy qadriyatlar hamda tamoyillar uchun ham olib borilayotganiga alohida e’tibor qaratdi.

Ko‘p markazli yangi dunyo tartibini izlash

Jahon tartibi aniq maqsad yoki yo‘nalishsiz turli tomonlarga qarab harakatlanayotganini qayd etgan Kalin G‘arb, Amerika va Yevropa markazida shakllangan dunyo tartibidan keyin ko‘p markazli dunyo tartibini yaratishga intilish kuzatilayotganini bildirdi.

Kalin bu yangi tartib qanday shakllanishi haqida hech kim aniq tasavvurga ega emasligini ta’kidlagan holda mavzu haqida shunday dedi:

«Muqobil variant qanday bo‘ladi? Yangi quriladigan dunyo tartibi uchun axloqiy, huquqiy va insonparvarlik tamoyillarini kim ta’minlaydi? Hozir bizda mavjud bo‘lgan manzara nihoyatda tartibsiz, noaniq va oldindan aytib bo‘lmaydigan holatda. Global boshqaruv esa har qachongidan ham erishib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolgan».

Ushbu yangi tartibni barpo etish uchun asos bo‘ladigan mustahkam zamin — institutlar, tamoyillar, g‘oyalar yoki ijtimoiy - siyosiy loyihalar ham yo‘qligiga e’tibor qaratgan Kalin quyidagilarni ta’kidladi: «Siyosiy tartibning yemirilishi va axloqiy mas’uliyatning barbod bo‘lishi inson bo‘lishning eng asosiy tayanchlarini yo‘qqa chiqargan Falastin, shubhasiz, bu jarayonning eng yuqori nuqtalaridan biridir. Albatta, yemirilayotgan va qulayotgan narsa faqat institutlar yoki xalqaro shartnomalar emas, balki biz umuminsoniy deb bilgan axloqiy tamoyillar, asoslar va qoidalardir. G‘azo bu tarixning bir qismi bo‘lib, uni Falastin tarixi va xotirasidan alohida tasavvur qilib bo‘lmaydi».

«Muammo Falastinda emas, muammo — bosqinda».

Kalin «Falastin muammosi» atamasini to‘g‘ri deb hisoblamasligini ta’kidlab, mavzu haqida esa: «Muammo Falastinda emas, muammo — bosqinda. Afsuski, bu ibora kundalik tilimiz va atamalarimizning ajralmas qismiga aylanib qoldi. Go‘yoki muammo falastinliklarning o‘zida bo‘lgandek, har doim ‘Falastin muammosi’ deymiz. Bu noto‘g‘ri. Muammo — bosqin. Bosqinni to‘xtatmay turib, Yaqin Sharqda yechim, tinchlik va adolat bo‘lmaydi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

MrT rahbari so‘nggi yillarda Falastin masalasi yuzasidan global uyg‘onish va yangi ong shakllanayotganiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, Qatar va Misr bilan birgalikda vositachilik qilayotgan Turkiyaning G‘azodagi genotsid va inqirozni to‘xtatish yo‘lida amalga oshirayotgan ishlari hamda jarayon haqida ma’lumot berdi.

Kalin ikki davlat asosidagi yechimi yo‘lida kurashdan hech qachon voz kechmasliklarini ta’kidlab, quyidagicha fikr bildirdi: «Biz mintaqada tinchlik faqat falastinliklar 1967 - yilgi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan o‘z davlatiga ega bo‘lgan taqdirdagina qaror topishiga ishonamiz. Falastinliklar uchun adolat faqat shundagina qaror topadi va Isroil bilan haqiqiy tinchlikka ham faqat o‘shandagina erishish mumkin».

Buning Isroil fuqarolari bilan birga Yaqin Sharqdagi barcha xalqlar manfaatlariga mos ekanini bildirgan Kalin, MRT tahlillarida ham ushbu omillarga alohida e’tibor qaratilishini ifoda etdi. Uning ta’kidlashicha, G‘azo va Falastin masalalari hamda ushbu hududlarning doimiy bosib olinishi yana bir radikallashuv to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin.

Kalin bu borada xavotirda ekanliklarini bildirib, «Chunki Falastin hududlarida o‘lim va zulm kuchaygan sari odamlarning munosabati ham shunchalik keskin va radikal tus oladi. Bu inson tabiatiga xos holat», - dedi.

«Falastin masalasida yangi uyg‘onish davri boshlandi».

Kalin umidsizlik, zulmat, chorasizlik, azob - uqubat hukm surayotgan bir davrda hayratlanarli voqea yuz berayotgani va zulmat ichida umid nuri paydo bo‘lganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Falastin masalasida yangi uyg‘onish davri boshlandi. G‘azodagi genotsid Isroilning bosib olish, majburiy ko‘chirish va shaytonlashtirish siyosatining chegaralarini ochib berdi.

Global jamoatchilik o‘z ovozini ko‘tara boshlaganiga e’tibor qaratgan Kalin, bu jarayon o‘z -o‘zidan shakllanganini ta’kidladi:

«Buni hech kim hech kimga majburan singdirmadi. U Yevropa, Amerika Qo‘shma Shtatlari va dunyoning boshqa hududlaridagi, an’anaviy ravishda Falastin masalasi bilan bog‘liq bo‘lmagan kichik jamoalar orasida ham shakllandi. Uzoq tanaffusdan so‘ng Falastin masalasi yana global miqyosdagi keng jamoatchilik e’tiborini qozondi».

Global miqyosda jamoaviy vijdon uyg‘onayotganini ta’kidlagan Kalin, bu jarayon turli siyosiy ko‘z qarashlar va ijtimoiy qatlamlarni o‘z ichiga olayotgani, madaniy hamda diniy chegaralardan oshib o‘tayotganini bildirdi.

Uning qayd etishicha, bu jarayon hayotning barcha sohalariga mansub turli insonlarni birlashtirmoqda. Bu nafaqat Falastin masalasi, balki global adolat va tinchlik nuqtayi nazaridan ham tarixiy voqea, ehtimol, dunyoqarashdagi tub burilish nuqtasidir.

«Falastinda tinchlik o‘rnatish — yo‘qotilgan axloqiy va siyosiy tartibni qayta tiklash demakdir».

G‘azo va Falastindagi vaziyatni izga solish qulagan xalqaro tartibni qayta tiklash yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishini ta’kidlagan Kalin, shunday dedi:

«Ehtimol, bu global tartib va u bilan bog‘liq axloqiy me’yorlar haqidagi tasavvurlarimiz, tushunchalarimiz hamda axloqiy mas’uliyatimiz borasida global o‘zgarishlarga sabab bo‘lar. Shu bois Falastinda tinchlik, qadr - qimmat va ozodlik uchun kurash, aslida, parchalangan dunyoda yo‘qotgan axloqiy va siyosiy tartibimizni qayta tiklash demakdir».

Kalin bu jarayon barcha uchun umid va ilhom manbai bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, Falastin hududlarida, undan Yaqin Sharqning qolgan qismida va butun dunyoda adolat orqali tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y - harakatlarni davom ettirish zarurligini bildirdi.

Oldinda qiyinchiliklar ko‘pligi va bu jarayon oson kechmasligini qayd etgan Kalin, AQSh va Isroilda bo‘lib o‘tadigan saylovlardan keyingi siyosiy o‘zgarishlar vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatishini kuzatishlarini aytdi.

Kalin Falastin masalasi bo‘yicha yangi siyosiy kelishuvlar va qayta tashkil etish jarayoni yuz berishi mumkinligidan oz bo‘lsa ham umidvor ekanini o‘z so‘ziga ilova etdi.