TURKIYA
2 daqiqa o'qish
AQSh Kongressi Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishni ma'qullashga chaqirildi
Turk-Amerika guruhlari AQSh Kongressiga yo'llagan xatida, Turkiyaning AQSh mudofaa tizimidan foydalanishi NATO jipsligini kuchaytirishini ta'kidladi.
AQSh Kongressi Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishni ma'qullashga chaqirildi
Maktub iyul oyida Kongressning 50 dan ortiq aʼzosiga yetkazildi. / AFP Archive

Yetti nafar Turk-Amerika tashkiloti AQSh Kongressi a'zolariga maktub yoʻllab, Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishni qoʻllab-quvvatlashni soʻradi.

Maktubda shunday deyiladi:
"Turkiya qariyb 75 yillik NATO ittifoqchisi hamda yetakchi xavfsizlik va diplomatik hamkor hisoblanadi. Turkiyaning AQSh mudofaa tizimlaridan erkin foydalanishi Amerika strategik manfaatlariga mos keladi. Shuning uchun sizdan F-35 bitimlarini qoʻllab-quvvatlashingizni hamda ushbu hamkorlikka qoʻyilgan ortiqcha sanksiya va toʻsiqlarni olib tashlashingizni soʻraymiz. Bu sotuvlar NATO birdamligi va mintaqaviy barqarorlikka kiritilgan sarmoyadir."

Ushbu maktubga ATAA, TAC, FTAA, TASC, MUSIAD USA, TACC South va ASKON USA kabi yetakchi tashkilotlar imzo chekkan va u iyul oyida Kongressning 50 dan ortiq a'zosiga yetkazilgan.

"Mintaqadagi konstruktiv ishtirokchi"

Maktub mualliflari ikki davlat munosabatlari 1831-yilga borib taqalishi va Anqara 1952-yildan beri NATO ittifoqchisi sifatida Bosfor va Dardanell boʻgʻozlarini nazorat qilib, ittifoq chegaralarini himoya qilayotganini eslatib oʻtdilar. Shuningdek, Turkiyaning Injirlik kabi harbiy bazalari DAIShga qarshi kurashda muhim rol oʻynagani, Rossiya–Ukraina urushidagi vositachiligi va Suriyada barqarorlikni ta'minlashdagi faoliyati uning "mintaqaviy konstruktiv ishtirokchi" ekanidan dalolat berishi qayd etildi.

Muammo tarixi va yangi umidlar

AQSh 2019-yilda Turkiya Rossiyaning S-400 havo mudofaa tizimini sotib olgani sababli uni F-35 dasturidan chiqarib tashlagan edi. Vashington bu tizim qiruvchi samolyotlarga xavf tugʻdirishini da'vo qilgan, Turkiya esa buni rad etib, muammoni oʻrganish uchun qoʻshma komissiya tuzishni taklif etgan.

Oʻtgan oy oʻtkazilgan NATO sammitida AQSh Prezidenti Donald Tramp Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan uchrashuvda Anqaraga F-35 samolyotlarini sotish masalasini "albatta" koʻrib chiqishini va Turkiyaga qarshi CAATSA sanksiyalarini bekor qilmoqchi ekanini ma'lum qildi.