SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Islom Hamkorlik Tashkiloti Husiylarning Makka va Madinaga qilgan hujumini qoraladi
Makka va Madina mintaqalariga qilingan hujumlardan so'ng, Islom Hamkorlik Tashkiloti Saudiya Arabistonini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Islom Hamkorlik Tashkiloti Husiylarning Makka va Madinaga qilgan hujumini qoraladi
IHT Makka va Madinaga qilingan hujumlarni qoraladi. / Reuters

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Yamandagi Husiylar guruhi tomonidan Islom dinining muqaddas Makka shahri va Madina mintaqasiga qilingan "vahshiyona" hujumlarni qoraladi.

Tashkilot Bosh kotibiyati tomonidan rasman e’lon qilingan va "X" platformasida tarqatilgan bayonotda mazkur hujum hamda Saudiya Arabistoniga qarshi davom etayotgan tajovuzlar keskin qoralanishi qayd etilgan.

"Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati Yamandagi husiylar guruhi tomonidan Makka shahri va Madina mintaqasiga, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligiga qarshi davom etayotgan tajovuzkorona va vahshiyona hujumlarni qoralaydi", — deyiladi bayonotda.

Muqaddas qadamjolar daxlsizligi

Tashkilot bunday zarbalar tinch aholi o‘rtasida qo‘rquv uyg‘otishi, muqaddas ziyoratgohlar hamda masjidlar daxlsizligini buzishi va butun dunyodagi millionlab musulmonlarning diniy tuyg‘ularini jarohatlashini ta’kidlagan.

Bosh kotibiyat muqaddas joylar, ibodatxonalar va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi qaratilgan harakatlarni "islomiy qadriyatlarga, shuningdek, xalqaro me’yorlar, tamoyillar va qonunchilikka zid bo‘lgan terrorchilik harakati", deb baholadi.

Shuningdek, bayonotda muqaddas joylar daxlsizligini buzish har qanday holatda ham "qabul qilib bo‘lmaydigan va chidab bo‘lmaydigan qilmish" ekani, buning oldini olish uchun jinoyatchilarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish va bunday tajovuzlarga jur’at etuvchilarning yo‘lini to‘sish zarurligi alohida ta’kidlangan.

IHT Saudiya Arabistoni bilan to‘liq birdam ekanini bildirib, Ar-Riyodning tajovuzni to‘xtatish, milliy xavfsizlik va suverenitetni himoya qilish hamda muqaddas qadamjolar daxlsizligini saqlash yo‘lida ko‘rayotgan barcha choralarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Mazkur bayonot Saudiya boshchiligidagi koalisiya seshanba kuni Makka yaqinida Husiylar tomonidan uchirilgan dron havo mudofaa kuchlari tomonidan tutib olinib, yo‘q qilingani haqida xabar berganidan so‘ng e’lon qilindi.

Koalisiya matbuot kotibi Turki al-Malikiyning bildirishicha, havo vositasi taqiqlangan hududga kirishidan oldin — mahalliy vaqt bilan taxminan soat 18:50 da zararsizlantirilgan va uning qoldiqlari muqaddas shahar janubiga qulagan.

Al-Maliki bu voqeani husiylarning Makkani nishonga olishga bo‘lgan ikkinchi urinishi deb atab, 2017-yil 27-iyulda shaharga qarata uchirilgan ballistik raketani eslatib o‘tdi.