DUNYO
2 daqiqa o'qish
G’azoni boshqaradigan xalqaro kengash 2025 yil oxirigacha e’lon qilinadi
Associated Press xabariga ko‘ra, arab va g‘arb rasmiylari bu e’lonnning AQSh vositachiligidagi sulh kelishuvining navbatdagi bosqichi bilan bir vaqtda amalga oshirilishini bildirmoqda.
G’azoni boshqaradigan xalqaro kengash 2025 yil oxirigacha e’lon qilinadi
Tramp xalqaro barqarorlashtirish kuchi G'azoga "juda tez orada" yetib kelishi mumkinligini bildirdi. / Reuters
20 соат олдин

AQSh vositachiligida erishilgan sulh bitimining keyingi bosqichida G’azoni boshqarish vakolatiga ega bo‘ladigan xalqaro kengash yil oxirigacha rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

Arab rasmiylaridan biri va g‘arblik bir diplomatning ma’lumot berishicha, sulh kelishuvi doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp raisligidagi “Tinchlik Kengashi” ikki yil davomida, BMTdan olinadigan va uzaytirilishi mumkin bo‘lgan mandat asosida, G’azoning qayta qurilish jarayonini nazorat qiladi.

Associated Press bilan suhbatlashgan rasmiylar taxminan 12 nafar Yaqin Sharq va G‘arb yetakchisi ushbu kengash tarkibiga kirishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Shuningdek, urushdan keyingi davrda G’azoning kundalik boshqaruvini olib boradigan falastinlik texnokratlardan iborat qo‘mita ham alohida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Qohiradan APga telefon orqali gapirgan g‘arbiy diplomatga ko‘ra, mazkur e’lon Tramp va Netanyaxuning shu oy oxiriga rejalashtirilgan uchrashuvida berilishi ehtimol.

Sulh kelishuvi, Isroilning asosiy talablaridan biri bo‘lgan hududiy xavfsizlikni ta’minlash va Hamasning qurolsizlantirilishini nazorat qiladigan qurolli Xalqaro Barqarorlik Kuchlari tuzilishini ham o‘z ichiga oladi.

Bu qadam Trampning 20 banddan iborat rejasini, Isroilning ikki yildan beri davom etayotgan qatliom darajasidagi urushi bilan vayron bo‘lgan hududda amalga oshirish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

10 oktyabrdan beri amal qilayotgan sulh bitimi Isroilning takroriy buzilishlari sabab bir necha bor izdan chiqqan.

Dastlabki bosqich yakunlanish arafasida, biroq Hamas hali kelishuvda qayd etilgan so‘nggi isroillik garovning jasadini topshirgani yo‘q.

APga gapirgan arab rasmiylaridan birining aytishicha, barqarorlik kuchlariga qaysi davlatlar qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda, biroq kuchlarning joylashtirilishi 2026 yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.

AQShlik bir rasmiy ham shunga o‘xshash vaqt jadvalini tilga olib, “kuchlarning quruqlikka tushirilishi” 2026 yil boshlarida amalga oshishi mumkinligini bildirdi.

Har ikki rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, murakkab bo‘lishi kutilayotgan ikkinchi bosqichda Hamas va Isroil bilan “keng qamrovli muzokaralar” darhol boshlanadi.

Muhim masalalar qatorida Hamasning hali qabul qilmagan talabi — qurolsizlantirish; va xalqaro kuchlar joylashtirilayotgan paytda Isroil qo‘shinlarining G’azoning qariyb yarmiga teng hududlardan chiqib ketishi turibdi.

G’azoni qayta qurish uchun moliyalashtirish manbalari hali aniqlanmagan.

Falastin tomoni yangi boshqaruv tizimida falastinliklarning cheklangan roli hamda yakuniy davlat tuzish masalasiga oid aniq majburiyat yo‘qligidan xavotir bildirmoqda.

Netanyaxu hukumati Falastin davlati g‘oyasini rad etadi.

AQSh vositachiligidagi reja esa faqat ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda davlat tuzish ehtimoliga ishora qiluvchi noaniq bir bandni o‘z ichiga oladi.