Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya seshanba kuni bergan bayonotida, DEASh terror tashkilotiga qarshi o‘tkazilgan operatsiyalar doirasida butun Turkiya bo‘ylab jami 357 nafar gumondor qo‘lga olinganini aytdi.
Yerlikaya Turkiyaning NSosyal ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan postida, gumondorlar 21 viloyatda bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan terrorizmga qarshi operatsiyalar natijasida qo‘lga olinganini bildirdi.
Operatsiyalar viloyat ichki ishlar boshqarmalari, bosh prokuraturalar, politsiyaning terrorizmga qarshi va razvedka bo‘linmalari muvofiqligida olib borilganini ta’kidlagan Yerlikaya, Turkiya terrorizmga nisbatan nol murosani davom ettirishini urg‘uladi.
Istanbul Bosh prokuraturasi seshanba kuni shahar bo‘ylab 110 nafar gumondor hibsga olinganini ma’lum qilgan edi.
Bayonotda hibsga olinganlardan 41 nafari dushanba kuni Yalo’va viloyatida sodir bo‘lgan va Turkiya xavfsizlik kuchlarining terrorizmga qarshi amaliyoti chog‘ida olti nafar DEASh terrorchisi yo‘q qilingan hodisa bilan bog‘liqligi qayd etildi. Istanbulda qo‘lga olingan gumondorlar Yangi yil bayramlari vaqtida shaharda shunga o‘xshash hujumlar rejalashtirgani bildirildi.
Anqara Bosh prokuraturasi ham alohida bayonot berib, ular orasida 11 nafar xorijiy fuqaro bo‘lgan jami 17 nafar DEASh terror gumondori haqida hibsga olish orderi chiqarilganini ma’lum qildi.
Bayonotda gumondorlar terror tashkiloti a’zoligida va mojaro hududlari bilan aloqada bo‘lishda ayblanayotgani, Terrorizmga qarshi kurash byurosi esa gumondorlarni DEASh bilan bog‘liq tergovlarda qo‘lga kiritilgan raqamli materiallar tahlili orqali aniqlagani ta’kidlandi.













