Pokiston Afg‘oniston hududidan uchirilgan dronlar aniqlangach, ushbu mamlakatdagi 10 ta nishonga havo zarbalari berganini ma’lum qildi.
Pokiston axborot vaziri Attaulloh Tarar X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida 23-sentabr kuni Afg‘oniston hududidan uchirilgan ayrim dronlar Pokistonga kirishga uringani va bu urinishlarning oldi olinganini bildirdi.
“Pokiston o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanib, ushbu dronlarni uchirish va saqlash uchun ishlatilgan Afg‘onistondagi 10 ta nishonga havo va dronlar orqali aniq zarbalar berdi”, dedi u.
Afg‘onistonni hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi
Tarar Afg‘onistondan Pokiston hududiga qaratilgan hech qanday hujumga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab, “Pokiston suverenitetining har qanday buzilishiga darhol va qat’iy javob qaytariladi”, dedi.
U Afg‘oniston rahbariyatini hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, shunday dedi: “Pokiston keskinlikni kuchaytirishga intilmaydi hamda mintaqaviy tinchlik, muloqot va konstruktiv hamkorlikka sodiq qoladi. Bu sodiqlik zaiflik yoki dushmanona harakatlarga cheksiz toqat qilish sifatida noto‘g‘ri talqin etilmasligi kerak”.
Avval nima bo‘lgan edi?
Pokiston rasmiylari kecha Afg‘onistondan chegara postlariga hujum qilish va hududga kirib kelish urinishlarining oldi olinganini ma’lum qilgan edi.
Afg‘oniston rahbariyati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid esa bunday hujum sodir bo‘lmaganini aytgan edi.























