Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan kecha (03.11.2025) Iroqqa bo‘lgan tashrifi doirasida matbuot vakillariga intervyu berdi. U o‘z chiqishida PKK terror tashkiloti faqat Turkiyada emas balki Iroq, Suriya va Eronda ham faoliyatini to‘xtatsa; bu holat mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash hamda tashqi aralashuvlarning oldini olish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, Fidan: «PKK terror tashkilotining o‘zini tarqatish qarori, shubhasiz, ijobiy natija hisoblanadi», — dedi.
Hakan Fidan iroqlik hamkasbi Fuad Husayn bilan uyushtirgan matbuot anjumanida PKKni nazarda tutgan holda: «Turkiyadagi qurolli faoliyatini to‘xtatishi biz uchun juda muhimdir ammo biz tashkilotning Iroqdagi qurolli kurashi va terroristik faoliyatini to‘xtatishi; Suriya va boshqa hududlarda bosib olgan joylaridan chiqib ketishini istardik», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Fidan terror tashkiloti hozirda Iroqda keng hududlarni egallab turgani va ular Iroq rasmiylari bilan yaqin hamkorlikda ishlayotganiga e’tibor qaratib, bu hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha ham Iroq, ham da Kurd mintaqaviy hukumati bu masalada Anqara bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
«Terrorsiz Turkiya» jarayoni Turkiya va mintaqa uchun ijobiy rivojlanish ekanini ta’kidlagan Fidan, Anqara bilan Bog‘dod o‘rtasidagi intensiv hamkorlikni alohida ta’kidladi.
Tashqi Ishlar vaziri shuningdek: «Bizning institutlarimiz barcha masalalar ustidan intensiv hamkorlik qilmoqda. Muammolarni professional tarzda hal qilib, yechimga yo‘nalgan tarzda ishlamoqda», - dedi.
Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning o‘tgan 2024 - yili Iroqqa bo‘lgan tashrifi davomida imzolangan ko‘plab kelishuvlarni yodga solgan Fidan, ushbu kelishuvlarning kuzatilishi va yo‘lga qo‘yilishi muhim ekanini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Hakan Fidan: «Biz tuzgan qo‘shma ishchi qo‘mitalari orqali xavfsizlik, energetika, suv, savdo, bojxona va transport kabi ko‘plab sohalarda intensiv ishlarni amalga oshirmoqdamiz», - dedi.
Tashqi Ishlar vaziri davr ruhi tinchlik, rivojlanish, o‘zaro integratsiya va hamkorlikni talab qilishini ta’kidlab: «Parchalanish, bo‘linish, raqobat yoki o‘zaro sabotaj emas; bu mintaqada madaniy dunyoning qolgan qismi kabi harakat qilishimizga to‘sqinlik qiladigan hech qanday omil yo‘qdir», - deya gapirdi.
Mintaqa ulkan resurslarga ega ekani va to‘g‘ri strategiyalar amalga oshirilganda o‘zining geografiyasi, xalqi va tsivilizatsiyasi bilan farovon yurtga aylanishi mumkinligini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Ishonchli qadamlar
Turkiyaning Iroq tinchligi, xavfsizligi va taraqqiyotini qat’iy qo‘llab - quvvatlayotganini yana bir bor ta’kidlagan Fidan shunday dedi: «Bugun biz Iroqning barqarorlik, tinchlik va osoyishtalik yo‘lida yanada ishonchli qadamlar tashlayotganiga guvoh bo‘lyapmiz».
Anqara, davom etayotgan har qanday sa’y - harakatlarni qo‘llab - quvvatlashi va qo‘lidan kelganicha hissa qo‘shishga intilishini ta’kidladi.
Tashqi Ishlar vaziri Fidan: «Iroq va Turkiya sifatida birgalikda Suriyada nima qila olishimizni ko‘rish uchun mintaqadagi boshqa davlatlar bilan ishlamoqdamiz. Mintaqa davlatlari sifatida hamkorlikni maksimal darajada oshirishimiz, o‘rtamizdagi ishonchni mustahkamlashimiz, rivojlanish sari kechiktirilgan qadamlarni qo‘yishimiz hamda mintaqadagi yo‘limizni tinchlik va osoyishtalik ichida davom ettirishimiz kerak», - dedi.
Mintaqadagi muammolarni mintaqa davlatlari va ularning xalqlari o‘zlari, mustaqil ravishda hal qilishlari kerakligini ta’kidlagan Fidan so‘zlari davomida: «Ular tashqaridan qutqaruvchi kutmaydilar. Bizning kuchimiz va imkoniyatlarimiz bunga yetarli. Agar biz shunday qilgudek bo‘lsak unda dunyoning qolgan qismiga yana - da kamroq yuk bo‘lamiz. Va hatto o‘zimiz uchun qo‘shimcha qiymat yaratamiz», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Suv shartnomasi
Fidan Turkiya va Iroq o‘rtasidagi suv shartnomasi muhim ekanini ta'kidladi.
Turkiya va Iroq uzoq vaqtdan beri suvdan samaraliroq foydalanish yo‘llarini izlayotganini ta’kidlab, shunday dedi: «Taxminan ikki yarim yil oldin bo‘lib o‘tgan tashrif davomida biz (Iroq Bosh vaziri) Muhammad Shia al - Sudoniy bilan kelishuvga erishdik. Biz ikki bosqichli yondashuvni qo‘llagandik. Ulardan biri, Turkiya va Iroq o‘rtasida suvdan yaxshiroq foydalanish usullarini topish; ikkinchisi esa, Iroqning suv infratuzilmasi va sug‘orish tizimlarini birgalikda tiklashdir. Oxirgi ikki yarim yil ichida ikkala sohada ham jadal ishlar amalga oshirildi».
Eng yirik infratuzilma investitsiyalari
Fidan shartnoma imzolanishi Iroqning suv tizimlarini uzoq muddatli tiklash uchun yo‘l ochishini ta’kidlab, bu Iroq tarixidagi eng yirik infratuzilma investitsiyasi bo‘lishini qayd etdi.
Fidan shuningdek: «Amalga oshirilganida suv muammosining yirik qismini hal qilish yo‘lida muhim qadam tashlagan bo‘lamiz va kelajak avlodlar oldingi avlodlar kabi muammolarga duch kelmaydi», - dedi.
Turkiya energetika sohasida ham Iroq bilan faol hamkorlik qilayotganini ta’kidlagan Fidan, ikki mamlakat o‘rtasidagi neft quvurining faoliyatini qayta tiklash muhim voqea ekanini ifoda etdi.
Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan gaz va elektr energiyasi loyihalari bo‘yicha keng qamrovli muhokamalar o‘tkazilgani, tegishli vazirliklar va muassasalar ishlayotgani va tashqi ishlar vazirliklari zarur choralarni ko‘rayotganini o‘z so‘ziga ilova etdi.























