BMT inson huquqlari ekspertlari, fosh etilgan hujjatlarda iddao qilingan zulmlar insoniyatga qarshi jinoyatlar darajasiga yetishi mumkinligi haqida ogohlantirib, Epshteyn hujjatlari bo‘yicha mustaqil va betaraf tergovlar olib borishga chaqirdi. Dushanba kuni berilgan bayonotda ekspertlar, hujjatlarda "ayollar va qiz bolalarga nisbatan tizimli va keng ko‘lamli jinsiy zo‘ravonlik, inson savdosi hamda ekspluatatsiyasiga oid tashvishli va ishonchli dalillar" mavjudligini qayd etdi.
Bayonotda, ta’riflangan harakatlar jinsiy qullik, reproduktiv salomatlikka qarshi zo‘ravonlik, qiynoq va xalqaro huquqqa ko‘ra boshqa og‘ir qonunbuzarliklarni keltirib chiqarishi mumkinligi aytilib: "Ayollar va qiz bolalarga qarshi sodir etilgan bu vahshiyliklarning ko‘lami, tabiati, tizimli tuzilishi va xalqaro o‘lchami shunchalik jiddiiki, ularning ko‘pchiligi insoniyatga qarshi jinoyatlar doirasiga kirishi haqiqatga yaqin ko‘rinadi", — degan iboralarga o‘rin berildi.
Xalqaro jinoiy huquqqa ko‘ra, insoniyatga qarshi jinoyatlar qatoriga jinsiy qullik, nomusga tegish, fohishalikka majburlash, inson savdosi va qotillik kabi tinch aholiga qaratilgan keng qamrovli yoki tizimli hujumlar kiradi.
Fosh etish jarayoni, 2025-yil noyabr oyida imzolangan "Epshteyn hujjatlari shaffofligi qonuni"dan so‘ng yuz berdi. 30-yanvar kuni AQSh Adliya vazirligi 3 milliondan ortiq sahifali hujjat bilan birga minglab video va tasvirlarni e’lon qildi. Ekspertlar, shuningdek, ayrim hollarda qaydlar e’lon qilinishidan oldin jabrlanuvchilarning maxfiy ma’lumotlari ochiqlanib qolishiga sabab bo‘lgan jiddiy tahrir (redaksiya) xatolaridan xavotirda ekanliklarini ham bildirdi.
"Hech kim qonundan ustun emas"
Ekspertlar, davlatlar xalqaro inson huquqlari huquqiga ko‘ra ayollar va qiz bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, tergov qilish va jazolashga majbur ekanliklarini ta’kidladi.
"Epshteyn hujjatlaridan endi voz kechish kerakligi haqidagi har qanday taklif qabul qilinishi mumkin emas", — degan ekspertlar: "Hech kim, qanchalik boy yoki qudratli bo‘lishidan qat’i nazar qonundan ustun emas", — deya qayd etishdi. Shu bilan birga, AQSh rasmiylari va boshqa hukumatlarni jabrlanuvchilar uchun to‘liq javobgarlik va tovon puli ta’minlanishiga chaqirishdi.
Bayonotda: "Hukumatlarning, vakolat doirasi mavjud bo‘lsa ham, bu jinoyatlarda aybdor bo‘lganlarni (sheriklik yoki ko‘z yumish bilan birga) samarali tarzda tergov qilmasligi va sudga tortmasligi, ayollar va qiz bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qaratilgan huquqiy asoslarga putur yetkazish xavfini tug‘diradi", — deb ogohlantirildi.
Jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jefri Epshteyn, voyaga yetmagan qizlar bilan bog‘liq federal inson savdosi ayblovlari bo‘yicha sudlanishini kutayotgan bir paytda, 2019-yilda Nyu-Yorkdagi qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan holda topilgan edi.











