YPG terror tashkiloti tomonidan majburan qurollantirilgan va Suriya armiyasining amaliyotlari natijasida ozod etilgan suriyalik ikki nafar yosh bola Anado‘lu axborot agentligiga bergan bayonotida, tashkilot lagerlarida o‘zlari kabi ko‘plab bolalar o‘z xohishiga qarshi ushlab turilganini qayd etdi.
Suriya armiyasining YPGga qarshi olib borgan so‘nggi amaliyotlari, tashkilotning bolalarni majburan qurollantirish amaliyotiga yana bir bor e’tibor qaratdi.
Tashkilotning Suriya kuchlari bilan qayd etilgan to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlarga oid suratlarni e’lon qilishi ham safida ko‘plab voyaga yetmaganlar borligini yaqqol namoyon etmoqda.
YPG tomonidan majburan askarlikka olinganini ifoda etgan Bekir Feyiz Belesh va Husam Ibrohim Qosim ismli ikki suriyalik bola o‘z hikoyalarini Anado‘lu axborot agentligi bilan o‘rtoqlashdi.
Bekir 16 yoshda, Husam esa 17 yoshda bo‘lib; ikkalasi ham etnik kelib chiqishi jihatidan arab millatiga mansub.
Ularning aytishicha, 2025 - yilning dekabr oyida ishlash maqsadida noqonuniy yo‘llar bilan Turkiyaga o‘tishga uringan paytlarida tashkilot tomonidan qo‘lga olingan va keyinchalik Ayn al - Arab shahrida qurollantirilgan.
“Bizni Hasakaga olib borib, majburan harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishdi”
Halab viloyatining Manbij tumanidan bo‘lgan Husamning aytishicha, Ayn al -A rabdan noqonuniy yo‘l bilan Turkiyaga o‘tmoqchi bo‘lganida chegarada YPG jangarilari tomonidan to‘xtatilgan.
Ayn al - Arabda ushlab turilgach, majburan askarlikka olinganini so‘zlab berdi.
U mavzu haqida shuningdek: “Keyin bizni Hasakaga olib borishib, majburan harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazishdi. Qurol kuchi bilan barmoq izlarimizni oliib, bosim ostida mashg‘ulotlarda ishtirok ettirdi. Bir oy davomida siyosiy ta’lim berishdi. Harbiy tayyorgarlik esa atigi bir necha kun davom etdi”, - dedi.
Husam lagerda ko‘plab bolalar qurol kuchi bilan ushlab turilganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
U shuningdek: “Biz bilan birga bo‘lgan ikki - uch kishi taxminan 25 yoshda edi. Qolganlarning barchasi 2007, 2008 yoki 2009 - yilda tug‘ilgan edilar”, - deya gapirdi.
“Lagerdagilarning aksariyati 18 yoshga yetmagan edi”
Husamning aytishicha, munosabatga norozilik bildirganlar tashkilot a’zolari tomonidan kaltaklagan.
U shuningdek: “Hammamiz qabila farzandlarimiz. U yerda birlashib norozilik bildirdik. Ular hammamizni yerga yotqizib, ura boshlashdi”, - dedi.
Asirlikdagi sharoitlarni tasvirlar ekan, Husam shunday dedi: “Ahvolim juda yomon edi, uxlay olmasdim. Holat juda og‘ir edi. Juda sovuq bo‘lardi. Issiq suv yo‘q edi. Hatto tinch uxlab olishimizga ham ruxsat berishmasdi.
Bizni tayyorlaganlar Hasaka arablari edi. Ular orasida kurdlar ham bor edi. Lagerdagilarning aksariyati 18 yoshdan kichik edi. Ko‘pchiligi qochishni xohlardi.
Oramizda livanliklar ham bor edi. Ularning ko‘pchiligi tashkilot tomonidan qo‘lga olinib, majburan bu yerga olib kelingan edi”.
Husamning aytishicha, shu oyda Suriya armiyasi Firot daryosining g‘arbiy va sharqiy qirg‘og‘ida boshlagan amaliyotlari ortidan YPG a’zolari hududdan chekingan.
Ular xuddi shu paytda ozod qilinib, Suriya kuchlariga taslim bo‘lgan.
“Uch kun davomida faqat non va pomidor berishdi”
16 yoshli Bekir ham shunga o‘xshash taqdirni boshdan kechirganini aytib, Ayn al - Arabda YPG terror tashkiloti tomonidan qo‘lga olinib, majburan qurollantirilgani haqida so‘zlab berdi.
Hums shahridan bo‘lgan Bekirning aytishicha, qurollantirilgach, Ayn al - Arabdan Firot daryosining sharqida joylashgan va amaliyotlardan oldin YPG nazoratida bo‘lgan Raqqa shahridagi lagerga yuborilgan.
Raqqadan keyin ham barmoq izlari majburan olinib, mashg‘ulot o‘tkazilgan va tashkilot nazoratidagi boshqa hudud — Hasan Darvishga olib borilgan.
Lagerlardagi og‘ir sharoitlarni u shunday esladi: “U yerda, Raqqada bizga bosim o‘tkazishdi va barmoq izlarimizni olishdi. Raqqadan keyin bizni Hasan Darvishga olib borishdi. So‘ngra ta’lim olish uchun shaxsiy mudofaa akademiyasiga olib ketishdi.
Tushlik qildik, keyin kechki ovqat bo‘lishi kerak edi ammo bizga kechki ovqat ham, suv ham yo‘qligini aytishdi. Uch kun davomida faqat non va pomidor berishdi”.
Bekirning aytishicha, ular bir necha bor qochishga uringan, biroq o‘lim bilan tahdid qilingan.
“Ko‘p marta qochishga harakat qildik ammo osmondan doimo samolyot tovushlari eshitilib turardi. O‘sha paytda tashkilot a’zolari kelib, bizni qo‘rqitardi, tashqariga bir qadam qo‘ygan odamni otib tashlashlarini aytishardi”, - dedi u.
Husam singari Bekir ham Suriya armiyasi amaliyotlari ortidan YPG a’zolari bosib olgan hududlarni tark etishi bilan ozodlikka chiqqani va Suriya kuchlariga taslim bo‘lganini bildirdi.















