TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Istanbulda hamkasblari bilan uchrashdi
Ikkinchi Bolqon Tinchlik Platformasi yig‘ilishining yon tadbirlari doirasida Bolqon davlatlaridan kelgan tashqi ishlar vazirlari ishtirokida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Istanbulda hamkasblari bilan uchrashdi
Turkiya tashqi ishlar vaziri Istanbulda hamkasblari bilan uchrashdi. / AA
24 январ 2026

Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hakan Fidanning   Bolqon mamlakatlaridan bo‘lgan hamkasblari bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazganini ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Elmedin Konakovic (Bosniya va Gertsegovina), Donika Gervalla-Schwarz (Kosovo) hamda Elisa Spiropali (Albaniya) bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar juma kuni o‘tkazilgan ikkinchi Bolqon Tinchlik Platformasi yig‘ilishi doirasida amalga oshirildi.

Fidan, shuningdek, Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Djuric, Shimoliy Makedoniya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Timco Mucunski hamda Chernogoriya tashqi ishlar vaziri Ervin Ibrahimovic bilan ham uchrashdi.

Bosniya va Gertsegovina Tashqi ishlar vazirligi X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida, Konakovich Bolqon Tinchlik Platformasini hayotga tatbiq etishdagi roli uchun Fidanga minnatdorlik bildirganini va uchrashuvda global hamda mintaqaviy masalalar, xususan Bosniya va Gertsegovinadagi siyosiy vaziyat muhokama qilinganini ma’lum qildi.
Bosniya tomoni mazkur uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik hamda Bosniya va Gertsegovinaning Yevropa Ittifoqiga integratsiya jarayoniga bo‘lgan umumiy sadoqatni yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi. Shuningdek, Konakovich Fidanni mamlakatiga tashrif buyurishga taklif etdi.

Kosovo tashqi ishlar vaziri Gervalla-Shvarts Instagram’dagi sahifasida uchrashuvlar chog‘ida Kosovoning YI va NATOga integratsiya bo‘yicha strategik yo‘nalishi, shuningdek xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinganini bildirdi. U Turkiyaning doimiy qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirib, Anqaraning Bolqonlarda muloqot, tinchlik va barqarorlikni rag‘batlantirishdagi rolini alohida ta’kidladi.

Shimoliy Makedoniya nomidan bayonot bergan Mucunski, turkiyalik hamkasbi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ikki tomonlama munosabatlar, iqtisodiy hamkorlik va sarmoya imkoniyatlari muhokama qilinganini, ikki mamlakatning NATO ittifoqchiligiga hamda mintaqaviy tashabbuslarga bo‘lgan sadoqati yana bir bor tasdiqlanganini aytdi.

Albaniya tashqi ishlar vaziri Spiropali esa uchrashuvda Albaniya va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etib, joriy yil davomida uchinchi yuqori darajadagi tarmoqlararo hamkorlik kengashini o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Ankara va Tiranada o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan NATO sammitlari ikki ittifoqchi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun muhim imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

Serbiya tashqi ishlar vaziri Djurich esa Fidan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ikki tomonlama siyosiy muloqot, kun tartibidagi asosiy masalalar hamda mintaqaviy va global muammolar muhokama qilinganini bildirdi.