Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an ikki mamlakat o‘rtasida strategik, iqtisodiy va diplomatik sohalardagi hamkorlikni kengaytirish sa’y - harakatlari doirasida, mudofaa sanoatida o‘zaro manfaat tamoyiliga asoslangan holda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan mushtarak faoliyatlarni baholashni davom ettirishlarini bildirdi.
Erdo‘g‘an chorshanba kuni (07.01.2026) Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan Anqarada uyushtirilgan mushtarak matbuot anjumanida nutq so‘zladi. Unda, o‘tgan yili Kuala - Lumpurga qilgan tashrifi chog‘ida kelishib olingan ilk oliy darajali hamkorlik yig‘ilishi kun davomida bo‘lib o‘tgani va bu holat ikki tomonlama muvofiqlashtirishni yana - da yaqinlashtirish yo‘lidagi aniq qadam ekanini ta’kidladi.
Prezident Erdo‘g‘an, shuningdek, Malayziyani Turkiyadagi investitsiyalarini oshirishga undab; mudofaa, infratuzilma ham - da yetakchi sanoat tarmoqlarida paydo bo‘layotgan yangi imkoniyatlarga e’tibor qaratdi.
Erdo‘g‘an — «jasur yetakchidir».
Anvar esa turk xalqi va turk sanoatining ilm - fan ham - da texnologiya sohasidagi salohiyatini yuqori baholab, Malayziya Turkiyani innovatsiyaga asoslangan o‘sishda muhim hamkor sifatida ko‘rishini qayd etdi.
Shuningdek, u Erdo‘g‘anga murojaat qilib: «Jasur yetakchi sifatida nafaqat Turkiya Respublikasi, balki butun dunyo, ayniqsa islom olami uchun ham qilgan liderligingiz uchun minnatdorlik bildirmoqchiman», - dedi.
Erdo‘g‘an muzokaralarda mudofaa va investitsiyalardan tashqari, ta’lim, madaniyat ham - da xalqlar o‘rtasidagi aloqalar masalalari ham muhokama qilingani va bular uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lishini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Erdo‘g‘an: «Turkiya – Malayziya do‘stligi va birodarligining asosi bo‘lgan insoniy omilni ham muzokaralarimizda atroflicha muhokama qildik. Xalqlarimiz o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashni ko‘zlagan qadamlarni, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi ishlarimizni davom ettirishga qaror qildik», - dedi.
Uchrashuvlarda, shuningdek, mintaqaviy va global masalalar ham ko‘rib chiqildi va har ikki tomonning bu boradagi pozitsiyalari o‘xshash ekani ta’kidlandi.
Erdo‘g‘an: «Ayniqsa G‘azo masalasini birgalikda yaqindan kuzatib borishda davom etamiz», - deya bu boradagi umumiy tashvishga urg‘u berdi.
Prezident Erdo‘g‘an so‘zlari yakunida:
«2019 - yili biz e’lon qilgan Takror Osiyo tashabbusimiz doirasida mintaqa mamlakatlari va ASEAN bilan birgalikda hamkorlikka alohida e’tibor beryapmiz. Malayziya 2025 - yili ASEANga raislik qilib, sermazmun davrni boshdan kechirdi. Ushbu raislikni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan ularni tabriklayman. Shuningdek, birodarim Anvarning Tailand va Kambodja o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga qo‘shgan ulkan hissasini ham alohida qayd etmoqchiman», - degan ifodalarga o‘rin berdi.



























