AQSh Prezidenti Donald Tramp shanba kuni (07.02.2026) Mar-a-Lagodagi uchrashuvi ortidan saylov kampaniyasi vaqtida qo‘llab - quvvatlagan honduraslik hamkasbi Nasry Asfurani maqtadi.
Konservativ ishbilarmon va Gonduras poytaxti Tegusigalpaning sobiq meri Asfura, Trampning qo‘llab - quvvatlashi bilan noyabr oyidagi saylovlarda g‘alaba qozonishi ortidan o‘tgan hafta qasamyod qilib o‘z lavozimiga kirishdi.
Tramp, agar do‘sti mag‘lub bo‘lgudek bo‘lsa unda Markaziy Amerikadagi eng kambag‘al davlatlardan biriga berilgan yordamlarni to‘xtatish bilan tahdid qilgandi.
Tramp, Truth Social platformasida: «Do‘stim va Gonduras Prezidenti Nasry ‘Tito’ Asfura bilan juda muhim uchrashuv o‘tkazdim», - deb yozib qoldirar ekan mavzu haqida: “Kuchli qo‘llab -quvvatlaganimdan keyin u saylovda g‘alaba qozondi! Tito bilan ‘America First’ (Avvalo Amerika) qadriyatlarimiz ko‘p jihatdan o‘xshash. Xavfsizlik masalasida juda yaqin hamkorligimiz bor”, - dedi.
Tramp ikki tomon o‘rtasida investitsiya va savdo masalalari muhokama qilinganini ham bildirdi.
Asfura yakshanba kuni uchrashuvlar bo‘yicha OAVga bayonot berishi rejalashtirilgan.
Gonduras prezidentligi, ikki yetakchi kulib, bosh barmoqlarini yuqoriga ko‘targan holdagi fotosuratni e’lon qildi.
Mamlakatlarga bosim
Asfura bundan avval 12 - yanvar kuni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashgan, uchrashuv ortidan ikki davlat erkin savdo kelishuvi rejalari haqida ma’lum bo‘lishgan.
Asfuraning g‘alabasi Chili, Boliviya, Peru va Argentinada chap qanot hukumatlar o‘rniga jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kampaniya olib borgan konservatorlar hokimiyatga kelganidan keyin Trampga Lotin Amerikasida yana bir ittifoqchi olib keldi.
Tramp Vashingtonning orqa hovlisi deb ataladigan mintaqa davlatlarini Vashington bilan yaqin aloqalar o‘rnatish yoki Pekin bilan yaqinlashish o‘rtasida tanlov qilishga majbur qilmoqda.
Chap qanot ko‘z qarashdagi yetakchi Siomara Kastroning o‘rnini egallagan Asfura diplomatik aloqalarni Xitoydan Tayvanga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqayotganini ifoda etdi.
Gonduras saylovlari oldidan Tramp dekabr oyida kutilmagan qaror chiqarib, giyohvand moddalar kontrabandasi aybi bilan AQShda 45 yilga hukm qilingan va Asfura partiyasidan bo‘lgan sobiq prezident Xuan Orlando Ernandesni afv etgan edi.
Ernandes AQShga 400 tonna taqiqlangan moddalar olib kirishga yordam berganlikda aybdor deb topilgan.
AQSh kuchlari Karib dengizida giyohvand moddalar ortilgan kemalarni yo‘q qilayotgan va Vashington giyohvand moddalar savdosida ayblayotgan Maduroga bosimni kuchaytirayotgan bir paytda, Trampning Ernandesni afv etish haqidagi qarori keskin tanqidlarga yo‘l ochdi.













