Politsiya, shahzoda unvoni olib qo‘yilgan Endryu Mauntbatten-Vindzorning savdo elchisi bo‘lib ishlagan vaqtida davlat lavozimini suiiste’mol qilganlik gumoni bilan hibsga olinganini e’lon qildi. Politsiya tashkiloti payshanba kuni Angliya qonunlariga ko‘ra gumonlanuvchining ismini rasman ochiqlamadi. Biroq, hibsga olish haqidagi savolga javoban, politsiya 60 yoshlardagi bir erkakning qo‘lga olinganini tasdiqlovchi bayonotga ishora qildi.
Temza vodiysi (Thames Valley) politsiyasi o‘z bayonotida shunday dedi: "Tergov doirasida bugun (19-fevral) Norfolkda 60 yoshlardagi bir erkakni davlat lavozimini suiiste’mol qilganlik gumoni bilan qo‘lga oldik".
Bayonotda yana shunday deyiladi: "Keng qamrovli baholashdan so‘ng, davlat lavozimini suiiste’mol qilish da’vosi bo‘yicha tergov boshladik. Ushbu ehtimoliy jinoyatni o‘rganishda hamkorlarimiz bilan ishlar ekanmiz, tergovning xolisligi va ob’ektivligini saqlashimiz o‘ta muhimdir".
Politsiya, shuningdek, hibsga olishdan so‘ng ikkita manzilda — biri Angliyaning sharqida, ikkinchisi esa Londonning g‘arbida tintuv o‘tkazilganini ma’lum qildi.
O‘tgan haftada paydo bo‘lgan yangi dalillar, Endryuning savdo elchisi sifatida ishlagan yillarida jinsiy jinoyatlar uchun hukm qilingan Jefri Epshteynga davlatning maxfiy hujjatlarini taqdim etganiga ishora qilmoqda.











