Qatar AQSh va Eron mojarosi fonida "na urush, na tinchlik" holati davom etishini qabul qilib bo‘lmas deb hisoblaydi. Doha inqiroz muloqot orqali hal qilinishi hamda Hormuz bo‘g‘ozi navigatsiya uchun shartsiz ochilishi zarurligini bildirdi.
“Mintaqada tinchlik ham, urush ham bo‘lmagan mavhum holatning davom etishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmasdir. Bu vaziyat mintaqani toliqtirmoqda, shu bois inqiroz muloqot orqali yakunlanishi kerak”, — dedi Qatar Tashqi ishlar vazirligi Axborot va kommunikatsiyalar departamenti direktori Ibrohim al-Hoshimiy seshanba kungi matbuot anjumanida.
U o‘z so‘zida davom etib: “Hormuz bo‘g‘ozini shartsiz ochish lozim. Uning bosim vositasiga aylanmasligini ta’minlash — eng ustuvor vazifadir”, — deb qo‘shimcha qildi.
Ushbu bayonotlar AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘zaro harbiy zarbalar sabab Yaqin Sharqda taranglik kuchaygan bir paytda yangradi. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar esa global energiya va tovar ta’minoti uchun strategik suv yo‘li hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli to‘xtab qolgan edi.
Tehron bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 28-fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotlar boshlagan va buning oqibatida 3 000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Eron esa bunga javoban mintaqa bo‘ylab AQSh obektlariga zarbalar bergan.
Iyun oyida Vashington va Tehron Pokiston hamda Qatar vositachiligida anglashuv memorandumini imzolagan edi. Mazkur hujjat harbiy harakatlarni to‘xtatishni va Hormuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun qayta ochishni nazarda tutardi.
Biroq keyinchalik kelishuvni hayotga tatbiq etish o‘zaro majburiyatlar va bo‘g‘oz orqali o‘tish qoidalari bo‘yicha kelib chiqqan ixtiloflar sababli to‘xtab qoldi. Natijada iyul oyida jangovar harakatlar yana qaytadan boshlandi.
















