Transport va infratuzilma vaziri Abdulkadir Uralo‘g‘lu yozma bayonotida Turkiya va Armaniston chegarasida joylashgan tarixiy Ani ko‘prigini qayta qurish bo‘yicha tender jarayoni yakunlanganini ma’lum qildi.
O‘rta asrlardagi muhim savdo markazlaridan biri bo‘lgan Anida joylashgan ko‘prik haqida ma’lumot bergan Uralo‘g‘lu, X asrda Ipak yo‘li ustida qurilgan va bugungi kungacha faqat tayanch qoldiqlari saqlanib qolgan inshoot qayta tiklanishini bildirdi. Ipak yo‘lida bojxona darvozasi sifatida qurilgan ko‘prik asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdoning muhim o‘tish nuqtalaridan biri bo‘lganini ta’kidlagan Uralo‘g‘lu, inshoot tarixiy va madaniy meros nuqtayi nazaridan katta ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uralo‘g‘lu ko‘prikning dastlabki uzunligi 80 metr, kengligi esa 8 metr bo‘lgani, inshoot Arpachay daryosining o‘zani 36 metrgacha torayadigan eng qisqa qismida joylashganini bildirdi. Ko‘prikning 31 metrli oraliqqa ega doirasimon arkasi 1807 - yilning 16 - oktabrida qulaganini ma’lum qilgan Uralo‘g‘lu, ko‘prik faoliyat ko‘rsatgan davrda Ipak yo‘li yo‘nalishidagi muhim o‘tish nuqtalaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.
Uralo‘g‘lu Ani ko‘prigi joylashgan Ani arxeologik hududi 21 ta madaniy meros obyekti bilan 2016 - yili UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganini yodga solib, tarixiy inshootni kelajak avlodlarga yetkazish maqsad qilinganini bildirdi.
Uralo‘g‘lu Turkiya va Armaniston o‘rtasida imzolangan protokol doirasida restavratsiya ishlarini qo‘shma komissiya muvofiqlashtiruvida olib borishlarini ma’lum qildi.




















