Indoneziyaning sharqiy viloyati Shimoliy Sulavesida sodir bo‘lgan so‘nggi sel ofati oqibatida halok bo‘lganlar soni 16 nafarga yetdi. Rasmiylar uch kishi hanuz bedarak ekanini bildirdi.
Indoneziya Milliy ofatlarni kamaytirish agentligi seshanba kuni kechqurun bergan bayonotida, dushanba kuni Siau – Tagulandang – Biaro orollari hududini qamrab olgan sel oqibatida kamida 22 kishi jarohatlangani, 682 nafar inson esa hududni tark etishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
Agentlikka ko‘ra, rasmiylar dushanba kunidan boshlab 14 kunlik favqulodda holat e’lon qilgan hamda mahalliy hokimiyatlarga xodimlar, texnika va gumanitar yordamni safarbar etish kabi favqulodda choralarni ko‘rish vakolatini bergan.
Kuchli yog‘ingarchiliklar ortidan orol hududining turli joylarini sel bosib, uy - joylar, infratuzilma va jamoat obyektlariga ziyon yetkazdi.
Agentlik qidiruv - qutqaruv guruhlari bedarak yo‘qolgan uch kishini topish bo‘yicha faoliyatlarni davom ettirayotganini bildirdi.
Indoneziya kuchli yog‘inlar va nozik relyef tufayli yomg‘irli mavsumda tez - tez sel va ko‘chkilarga duch keladi.
Shu bilan birga, Indoneziyaning Sumatra orolida noyabr oyining oxiridan buyon yuz bergan sel ofatlari oqibatida kamida 1 178 kishi halok bo‘ldi, 148 kishi esa bedarak yo‘q.












