G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
G‘arbiy Sohilda 13 ta yangi yahudiy posyolkasi rejasi ko‘rib chiqilmoqda
Falastin Ozodlik Tashkilotiga qarashli Ajratish devori va yahudiy posyolkalariga qarshi kurash kengashi Isroil hukumati bosib olingan G‘arbiy Sohilda 1 670 ta yangi uy-joy qurilishini nazarda tutuvchi 13 ta rejani ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
G‘arbiy Sohilda 13 ta yangi yahudiy posyolkasi rejasi ko‘rib chiqilmoqda
-

Falastin Ozodlik Tashkiloti mavzu haqidagi bayonotida mazkur qadam 12 ta G‘arb davlati yahudiy posyolkalaridan kelayotgan mahsulotlarga cheklovlar joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilgani va Isroilni yahudiy posyolkalarini kengaytirishni to‘xtatishga chaqirganidan ko‘p o‘tmay amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Netanyahu hukumati 2022 - yil oxirida hokimiyatga kelganidan beri 104 ta yangi yahudiy posyolkasini tasdiqlagani va 160 ta qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yahudiy posyolka punktini tashkil etgani eslatib o‘tildi.

Bayonotda Baytlahmdagi «Maale Amos» posyolkasiga 365 ta, Ramallohdagi «Talmon» posyolkasiga esa 200 ta yangi uy - joy qo‘shishni nazarda tutuvchi 13 ta reja yakuniy tasdiqlash va kuchga kiritish bosqichiga yetgani qayd etildi.

Kun tartibidagi masalalarning eng muhim qismini tashkil etuvchi yangi strategiya doirasida Ramalloh va Nablus chegarasida «Amihai», Yerixoda «Ein Yitav» hamda Jenin hududlarida «Maoz Tzvi» nomlari bilan boshidan uchta yangi yahudiy posyolkasi tashkil etish rejalashtirilayotgani bildirildi.

Bayonotda: «Jami 1125 dunam maydonni egallaydigan va 749 ta uy - joydan iborat ushbu loyihalardan tashqari, Salfit shahridagi ‘Peduel’ posyolkasiga 95 ta, ‘Alei Zahav’ posyolkasiga esa 259 ta yangi uy - joy qo‘shilib, hududdagi kengaytirish ishlari davom ettirilishi ko‘zda tutilmoqda» - deyiladi.

Bayonotda, shuningdek, bosib olingan Sharqiy Quddusdagi «Givat Zeev» yahudiy posyolkasiga ham 2 ta uy - joy qo‘shilishi aytildi.

Kengash ushbu qadamlar Isroil siyosati faqat mavjud posyolkalarni kengaytirish bilan cheklanmay, balki G‘arbiy Sohil bo‘ylab butunlay yangi va doimiy yahudiy posyolka markazlarini tashkil etishga yo‘nalayotganini ko‘rsatishini qayd etdi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra Isroil 1967 - yilda bosib olgan G‘arbiy Sohil bo‘lajak Falastin davlatining hududi sifatida tan olinadi va Isroil bu yerda bosqinchi kuch maqomida turibdi.

Bosqinchi kuchning o‘zi bosib olgan hududga o‘z aholisini ko‘chirib olib kelishi va bu yerda mulkka oid o‘zgarishlarni amalga oshirishi xalqaro huquqqa zid hisoblanadi.

Shunga qaramay, Tel - Aviv hukumati so‘nggi yillarda bosib olingan G‘arbiy Sohildagi mavjud noqonuniy posyolkalarni kengaytirish va yangilarini barpo etishni jadallashtirdi.