Ko‘plab davlatlar va xalqaro yetakchilar Gruziyada 20 harbiy xodim bo‘lgan turk harbiy yuk samolyotining qulashidan so‘ng Turkiya xalqiga ta’ziya va hamdardlik bildirdilar.
Turkiya Mudofaa vazirligi seshanba kuni bergan bayonotida samolyotning Ozarbayjondan Turkiyaga qaytayotganida Gruziyada qulaganini ma’lum qildi.
Bayonotda shunday deyiladi:
“Ozarbayjondan mamlakatimizga kelish uchun havoga ko‘tarilgan C-130 harbiy yuk samolyotimiz Gruziya–Ozarbayjon chegarasida qulab tushdi.”
Quyida dunyo yetakchilarining ayrim ta’ziya xabarlari:
Amerika Qo‘shma Shtatlari
AQShning Suriyadagi maxsus elchisi va Turkiyadagi elchisi Tom Barrak turk harbiy samolyotining bugungi fojeaviy halokati sababli “chuqur qayg‘uda” ekanini bildirdi. U halok bo‘lgan askarlarning oilalariga va Turkiya xalqiga samimiy ta’ziya izhor etib, “Amerika Qo‘shma Shtatlari turk ittifoqdoshlari bilan birdamlikda,” dedi.
Qatar
Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Prezident Recep Tayyip Erdo‘g‘anga ta’ziya maktubi yo‘llab, halok bo‘lganlar uchun chuqur qayg‘usini ifoda etdi.
Iordaniya
Iordaniya tashqi ishlar vazirligi Turkiya hukumati va xalqiga “eng samimiy ta’ziya va hamdardlik” bildirdi. So‘zchi Fuod Majali Iordaniya Turkiya bilan to‘liq birdamlikda ekanini va jabrlangan oilalarga to‘liq qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatayotganini aytdi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SH KTR)
ShKTR prezidenti Tufan Erhurman halokatni “katta iztirob bilan” eshitganini bildirgan holda, oilalarga, yaqinlariga va Turkiya xalqiga sabr va tasalli tiladi. Bosh vazir Unal Ustel va tashqi ishlar vaziri Tahsin Ertugrulo’g’lu ham taziyalar yo‘llab, kiprlik turklar Turkiya bilan bir yoqadan bosh chiqarayotganini bildirdilar.
Pokiston
Pokiston bosh vaziri Shehbaz Sharif X’dagi postida Turkiyaning C-130 samolyoti Gruziyada qulagani haqida “katta qayg‘u” bilan eshitganini yozdi.
“Aziz birodarim Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anga, samolyotdagilarning oilalariga va turk birodarlarimizga samimiy ta’ziyalarimni izhor etaman. Bu og‘ir damda duo va fikrlarimiz ular bilan,” dedi u.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ham mamlakatning turk birodarlari bilan to‘liq birdamlikda ekanini bayon qildi.
Afg‘oniston
Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi turk harbiy samolyotining halokati tufayli “chuqur qayg‘u” izhor etdi. Kobul hukumati Turkiya xalqiga va halok bo‘lganlar oilalariga samimiy ta’ziya yo‘lladi.
Qozog‘iston
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Prezident Erdo‘g‘anga yo‘llagan xabarida turk xalqiga va halok bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirdi.
NATO
NATO bosh kotibi Mark Rutte X’dagi postida shunday yozdi:
“Bugun halok bo‘lganlarning oilalariga va ittifoqchimiz Turkiyaga eng chuqur ta’ziyalarimizni izhor etamiz.”
U, shuningdek, “Turk qurolli kuchlari hamda barcha ittifoqchi harbiylar xavfsizlik uchun har kuni qilayotgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildiramiz,” dedi.
Italiya
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani ham Turkiyaga hamdardlik xabarini yo‘lladi. U X’dagi postida shunday yozdi:
“Ozarbayjondan Turkiyaga ketayotgan turk C-130 harbiy yuk samolyoti Gruziya hududida qulaganini katta qayg‘u bilan eshitdim.”
Tajani halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya bildirib, Turkiya hukumati, harbiylari va qutqaruvchilariga qo‘llab-quvvatlash izhor etdi.
Estoniya
Estoniya tashqi ishlar vazirligi Gruziya–Ozarbayjon chegarasi yaqinida qulagan turk harbiy samolyoti munosabati bilan Turkiyaga chuqur ta’ziya bildirdi. Bayonotda halok bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik izhor etilib, bu og‘ir pallada Turkiya bilan to‘liq birdamlik bildirildi.
Litva
Litva tashqi ishlar vazirligi Gruziya–Ozarbayjon chegarasida yuz bergan turk harbiy samolyoti halokatidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, Turkiya bilan ittifoqchilik ruhida birdamlikda ekanini ta’kidladi.
Ruminiya
Ruminiya tashqi ishlar vazirligi turk harbiy samolyotining Gruziya–Ozarbayjon chegarasiga yaqin joyda qulaganidan katta iztirob bildirganini ma’lum qildi. Bayonotda Turkiya va halok bo‘lganlarning oilalariga samimiy ta’ziya izhor etildi.
Malta
Malta tashqi ishlar vaziri Ian Borg halokat tufayli “chuqur qayg‘u” bildirgan holda, halok bo‘lganlarning oilalariga va turk xalqiga ichdan ta’ziya izhor etdi hamda Turkiya xalqining og‘rini “yurakdan his etayotganini” aytdi.
Kosovo
Kosovo prezidenti Vjosa Osmani ham halokatdan so‘ng Prezident Erdo‘g‘anga, Turk qurolli kuchlariga va Turkiya xalqiga eng chuqur ta’ziya bildirdi.
Boshqa mamlakatlar
Yaponiya, Fransiya, Rossiya, Niderlandiya, Gretsiya, Germaniya va Ukraina ham Anqaradagi elchixonalari orqali Turkiyaga hamdardlik va birdamlik bildirdilar.
Formun Üstü



























