Shimoliy Koreya Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje-myongni tanqid qilib, uning AQShga tashrifi davomida Koreya yarim orolini yadrosizlantirishga chaqirganini "ikkiyuzlamachilikning haqiqiy qiyofasi" deb atadi.
Davlatga qarashli Koreya Markaziy Axborot Agentligi (KCNA) tomonidan eʼlon qilingan sharhda Pxenyan, Li Chje-myongning Vashingtondagi Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazida qilgan nutqini tanqid qildi. Ushbu nutqda Li AQSh-Janubiy Koreya ittifoqini yana bir bor tasdiqlab, provokatsiyalarga kuchli javob berilishini taʼkidlagan edi.
"U hatto bizni 'qashshoq, ammo tajovuzkor qoʻshnilar' deb haqorat qildi va keyin 'yadrosizlantirish' kabi bemaʼni gʻoyani gapira boshladi," dedi agentlik.
Shimoliy Koreya, shuningdek, oʻzining yadro qurollaridan voz kechmasligini taʼkidladi.
"Bizning milliy obroʻimiz va xavfsizligimiz ramzi boʻlgan yadro qurollaridan hech qachon voz kechmaslik pozitsiyamiz mutlaqo oʻzgarmasdir," deyiladi bayonotda.
Shimoliy Koreya oʻzining yadro qudrati maqomini "tashqi dushmanona tahdidlar" va global xavfsizlik muhitidagi oʻzgarishlarni aks ettiruvchi "muqarrar tanlov" deb atadi.
Li Chje-myong Vashingtonga tashrifi davomida AQSh Prezidenti Donald Trampga yil oxirida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashishni taklif qildi. Janubiy Koreya prezidentlik idorasi vakili Kang Yu-jungning soʻzlariga koʻra, Tramp bu taklifni "juda oqilona taklif" deb atagan.
Tramp oʻzining birinchi prezidentlik muddati davomida Kim bilan uch marta uchrashgan, jumladan, ikki Koreya oʻrtasidagi Demilitarizatsiya Zonasi hududida ham.













