SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Putin: Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuviga tayyor
Vladimir Putin, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning bir suhbatda «hududiy yo‘qotishlarni qabul qilishga tayyor ekani» haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi.
Putin: Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuviga tayyor
_

Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin Ukraina bilan kelishuvga erishishga tayyor ekanliklarini bildirib, o‘t ochishni to‘xtatish emas, balki tinchlik bitimi tuzilishi va har ikki davlat xavfsizligi ta’minlanishini istashlarini ifoda etdi.

Vladimir Putin Rossiya davlat televideniyesiga bergan intervyusida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning bir suhbatda «hududiy yo‘qotishlarni qabul qilishga tayyor ekani» haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi.

Rossiya nazoratiga o‘tgan hududlarni nazarda tutgan Putin mavzu haqida shunday dedi: «Bu hududlar ularning (Ukrainaning) yeri emas. Bu tarixiy Rossiya yerlaridir. Bundan tashqari, bu hududlarda yashovchi odamlar dastlab davlat mustaqilligi uchun, keyingi bosqichda esa Rossiya Federatsiyasi bilan qayta birlashish uchun ovoz berishgan. Shu sababli, har qanday hududiy yo‘qotish haqida gapirish noo‘rin, deb hisoblayman».

Putin bu vaziyat, ayniqsa, Yevropa davlatlarida Rossiyaga qarshi barcha sohalarda olib borilayotgan kampaniyaga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, hozir ham o‘sha doiralar Rossiyadan kelayotgan tahdid va Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida tinimsiz gapirmoqda.

Rossiya prezidenti buni «o‘ziga xos siyosiy shizofreniya» deb atab, «Ammo bu holat ham o‘tib ketishidan umidvorman», - dedi.

«Har qanday masalada kelishuvga erishish mumkin».

Putin Kiyevni Ukrainaning sharqidagi aholi bilan kelishuvga erishishga undash uchun harakat qilganliklari ammo Kiyev urushni tanlaganini iddao qildi.

«Biz bugun ham kelishuvga erishishga tayyormiz. Ushbu og‘ir va murakkab vaziyatni hal qilish yo‘llarini topishga, o‘zaro kelishishga tayyormiz. Bu xalq bizga juda yaqin xalq, tushunyapsizmi? Yana nima deyish mumkin? So‘nggi genetik tadqiqotlar ruslar va ukrainlar aslida yagona xalq ekanini ko‘rsatmoqda», - dedi u.

«Har qanday masalada kelishuvga erishish mumkin. Menimcha, biz kelisha olamiz, biz bunga rozimiz», - degan Putin, har qanday holatda ham o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifalarni bajarishlari va “maxsus harbiy operatsiya”ning barcha maqsadlariga erishishlarini bildirdi.