Eron armiyasi o‘z harbiy doktrinasini “mudofaadan hujumga” o‘zgartirdi. Armiya matbuot kotibi shanba kuni bu qaror mamlakatning so‘nggi urushlardan chiqargan xulosalariga asoslanganini ma’lum qildi.
Brigada generali Muhammad Akraminiya IRNA davlat axborot agentligiga bergan intervyusida ushbu o‘zgarish 12 kunlik va 40 kunlik urushlar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilganini bildirdi.
“Mamlakatimizning harbiy doktrinasi ilgari mudofaaga asoslangan edi. Biroq ushbu ikki urush davomida harbiy doktrina mudofaa pozitsiyasidan hujumga bosqichma-bosqich o‘tganiga guvoh bo‘ldik”, — dedi Akraminiya.
U bu o‘zgarish hujumlarga tezroq va keng ko‘lamda javob qaytarish hamda oldini oluvchi amaliyotlarda namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.
AQSH askarlari uchun mukofot
Akraminiya Amerika quruqlikdagi qo‘shinlari Eron hududiga kirgan taqdirda, AQSH askarlarini o‘ldirgan yoki qo‘lga olgan shaxslarga mukofot berish rejasi ham tayyorlanganini aytdi.
Rejaga ko‘ra, qurolli kuchlar vakillari yoki ov miltig‘iga qonuniy ravishda egalik qiluvchi fuqarolar Eron hududiga kirgan AQSH askarlarini o‘ldirsa yoki qo‘lga olsa, 5 milliard tumon, ya’ni taxminan 26 ming dollar oladi.
Akraminiya ushbu harakat ayol tomonidan amalga oshirilsa, mukofot miqdori 10 milliard tumonga, ya’ni taxminan 53 ming dollarga oshirilishini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, armiya ishlatilgan qurolni o‘z qiymatidan ikki baravar yuqori narxda sotib olishi, uni egasining nomi bilan harbiy muzeyda saqlashi hamda qurol egasiga shunga o‘xshash boshqa qurol berishini bildirdi.
Eron mintaqadagi o‘zgarishlarga ishora qildi
Akraminiya, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston tomonidan Vashingtondan mustaqil ravishda shakllantirilganini aytgan mudofaa va xavfsizlik mexanizmiga ishora qilib, AQSHning mintaqadagi ta’siri keskin kamayganini da’vo qildi.
U mazkur mexanizmning kelajakda qanchalik samarali bo‘lishidan qat’i nazar, AQSHning mintaqadagi mavqeyi zaiflashganini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Akraminiya ushbu tashabbusni AQSH ishtirokisiz tashkil etilgan birinchi mintaqaviy mudofaa va xavfsizlik mexanizmi sifatida baholadi.



















