DUNYO
2 daqiqa o'qish
Turkiya Sudanda sodir etilgan vahshiyliklarni keskin qoraladi
Yildiz Sudanda dunyodagi eng yirik majburiy ko‘chirilish inqirozi yuz berayotgani, Anqara esa Fashir va Ko‘rdofan hududlaridagi so‘nggi voqealardan chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi.
Turkiya Sudanda sodir etilgan vahshiyliklarni keskin qoraladi
_
23 декабр 2025

Turkiya, Sudanning qurolli Tezkor yordam kuchlari (RSF) tomonidan tinch aholiga qarshi sodir etilgan vahshiyliklarni keskin qoraladi.

Turkiyaning BMT huzuridagi maxsus vakili Ahmet Yildiz dushanba kuni (22.12.2025) BMT Xavfsizlik kengashining Sudan bo‘yicha yig‘ilishida so‘zga chiqib:

«RSFning tinch aholiga qarshi sodir etayotgan vahshiyliklarini qat’iyan qoralaymiz va ziyon ko‘rgan hududlarga zudlik bilan gumanitar yordam yetkazib berilishini talab qilamiz», — dedi.

Yildiz Sudanda dunyodagi eng yirik majburiy ko‘chirilish inqirozi yuz berayotgani, Anqara esa Fashir va Ko‘rdofan hududlaridagi oxirgi voqealardan chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi.

Shuningdek, u 13 - dekabr kuni Janubiy Ko‘rdofan shtatining Kadugli shahrida joylashgan BMTning vaqtinchalik xavfsizlik kuchlari logistika bazasiga qarshi uyushtirilgan RSF hujumini qoraladi. Ushbu hujum oqibatida olti nafar bangladeshlik tinchlikparvar askar halok bo‘lar ekan, sakkiz kishi jarohatlangan.

Turkiya vakili mavzu haqida shunday dedi:

«Sudanning birligi, hududiy yaxlitligi va mustaqilligi — Turkiyaning mintaqa va umuman Afrikaga nisbatan prinsipial yondashuvining asosiy tamoyillaridan biridir. Mojoroga barqaror yechim faqat qonuniy muloqot yo‘li bilan topilishi mumkin. Shunday ekan, to‘qnashuvlarni to‘xtatishni ko‘zlagan mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarni qo‘llab - quvvatlaymiz», - dedi.

U shuningdek:

«Xalqaro hamjamiyatning sa’y - harakatlari doimiy o‘t ochishni to‘xtatish, ortidan esa keng ko‘lamli siyosiy jarayon va javobgarchilikni ta’minlaydigan inklyuziv tinchlik jarayoniga olib kelishi lozim», - dedi.

Turkiyaning Sudan bilan aloqalari davom etmoqda

Yildiz, Turkiya, Sudan bilan bo‘lgan aloqalari davom etayotganini ta’kidlar ekan turk yordam kemalari mamlakatga qariyb 10 ming tonna gumanitar yordam yetkazgani; xolera kasalligiga qarshi tibbiy vositalar yuborilgani hamda 30 ming dona chodir yo‘lda olib ketilayotganini ma’lum qildi.

Yildiz so‘zlari davomida: «Sudan xalqi zo‘ravonlik va o‘lim girdobidan qutqarilishi kerak», — dedi.

RSF kuchlari 2023 - yilning aprel oyidan beri Sudan armiyasi bilan urush olib bormoqda.

RSF bo‘linmalari 26 - oktabr kuni 500 kunlik qamal ortidan Shimoliy Darfur shtatining poytaxti Fashir shahrini egallab oldi.

Bu voqea mintaqada ommaviy qirg‘inlar, majburiy ko‘chirilishlar hamda tinch aholining oziq - ovqatga yetarli darajada erisha olmasligi bilan kechayotgan og‘ir gumanitar vaziyatga olib keldi.