TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya -YI munosabatlari va Qora dengiz xavfsizligi muhokama qilinadi
Turkiya - Yevropa ittifoqi (YI) munosabatlari va Qora dengiz xavfsizligi Bryusselda muhokama qilinadi.
Turkiya -YI munosabatlari va Qora dengiz xavfsizligi muhokama qilinadi
_

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan ertaga Bryusselda Yevropa Ittifoqi (YI) Tashqi ishlar kengashi doirasida o‘tkaziladigan Mintaqalararo xavfsizlik va bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan Ikkinchi vazirlar yig‘ilishida ishtirok etadi.

Tashqi Ishlar vazirligi manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra Hakan Fidan ertaga Mintaqalararo xavfsizlik va bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan Ikkinchi vazirlar yig‘ilishida ishtirok etish uchun Bryusselga rasmiy tashrif uyushtiradi.

Yig‘ilishda Hakan Fidan bilan bir qatorda Yevropa ittifoqining Tashqi Aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas, Yevropa komissiyasining kengayish masalalari bo‘yicha a’zosi Marta Kos, Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari hamda Ozarbayjon, Armaniston, Moldova, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Hakan Fidan yig‘ilishning birinchi qismida «Mintaqalararo bog‘liqlik» mavzusidagi sessiyada qatnashadi. Unda 23 - iyun kuni e’lon qilingan Yevropa ittifoqining Bog‘liqlik kun tartibi platformasi, Yevropa ittifoqi bilan Qora dengiz, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi energetika, transport va raqamli aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq harakatlar rejasi hamda siyosiy masalalar muhokama qilinadi.

Fidan o‘z nutqida Turkiya o‘zining geostrategik imkoniyatlaridan foydalanib, mintaqaviy bog‘liqlik loyihalariga hissa qo‘shish va bu boradagi hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirish kutilmoqda. Shuningdek, bugungi global muammolar sharoitida Turkiya - Yevropa ittifoqi munosabatlarini aniq natijalarga yo‘naltirilgan va amaliy asosda qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlashi kutilmoqda.

U, shuningdek, O‘rta yo‘lak, Taraqqiyot yo‘li, Uch dengiz tashabbusi va Global darvoza kabi loyihalarning xalqaro savdo va integratsiya uchun imkoniyatlariga to‘xtalishi kutilmoqda. Turkiya turli transport va bog‘liqlik yo‘nalishlarini raqobatchi emas, balki bir - birini to‘ldiruvchi va global farovonlikka xizmat qiluvchi loyihalar sifatida ko‘rishi qayd etilishi kutilmoqda.

Qora dengiz xavfsizligi kun tartibida

Yig‘ilishning ikkinchi qismida «Qora dengiz mintaqasi xavfsizligi bo‘yicha majburiyatlarni ilgari surish» mavzusidagi sessiya bo‘lib o‘tadi.

Unda Qora dengizning strategik ahamiyati, mintaqadagi xavfsizlik vaziyati, don savdosi, dengiz transporti, gibrid tahdidlar, muhim infratuzilmani himoya qilish va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

Fidan Ukrainada davom etayotgan urushning Qora dengiz xavfsizligiga ta’siri yuzasidan o‘z baholarini bildirishi, mintaqaviy mas’uliyat tamoyili hamda Montre konvensiyasining mintaqada barqarorlikni saqlashdagi muhim roliga e’tibor qaratishi kutilmoqda.

Shuningdek, Turkiya - YI hamkorligi o‘zaro manfaatlar va teng sheriklik asosida rivojlantirilishi kerakligini ta’kidlashi kutilmoqda. Qora dengiz xavfsizligiga oid yangi tashabbuslar Turkiya bilan yaqin maslahatlashuv va muvofiqlashtirish asosida amalga oshirilishi, mavjud mexanizmlarni to‘ldirishi lozimligi qayd etilishi kutilmoqda.

Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan tashrif doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Hakan Fidan 2025 - yilning 19 – 20 - oktabr kunlari Lyuksemburgda Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida o‘tkazilgan Qora dengiz xavfsizligi, barqarorlik, mustahkamlik va mintaqalararo bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan Birinchi vazirlar yig‘ilishida ham qatnashgan edi.