Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Tel-Aviv G‘azodagi armiyaning nazorati ostidagi hududlarda Hamas vakillariga asirlarning jasadlarini qidirish imkonini bergan.
Isroilning 12-kanali xavfsizlik manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, Hamas so‘nggi 24 soat ichida Qizil Xoch va Misr jamoalari bilan birgalikda Isroil armiyasi tomonidan “sariq chiziq” deb ataluvchi hududdan tashqarida asirlarning jasadlarini izlayotgan.
“Sariq chiziq” — bu G‘azada hozirda Isroil armiyasi nazoratida bo‘lgan joylar bilan qo‘shinlar chiqib ketgan hududlarni ajratib turuvchi shartli chegara sifatida ta’riflanadi.
Manbalarga ko‘ra, Isroil va Hamas dam olish kunlari vositachilar orqali jasadlarning taxminiy joylashuvlari haqida ma’lumot almashgan. Bu jarayon qidiruv ishlarini tezlashtirish maqsadida amalga oshirilgan.
Sulh rejasi doirasidagi jarayon
Isroil yakshanba kuni Qizil Xoch va Misr jamoalariga “sariq chiziq”dan tashqarida asirlarning jasadlarini qidirish uchun yordam berishga ruxsat berganini tasdiqladi.
10-oktabrda kuchga kirgan sulh kelishuvi doirasida Hamas birinchi bosqichda 20 nafar tirik Isroil asirini va 16 nafar asir jasadini qaytarib bergan.
Hozirda 12 nafar asirning jasadi hanuz G‘azada qolmoqda.
Sulh rejasi, shuningdek, G‘azoni qayta tiklash hamda Hamasdan tashqari yangi boshqaruv mexanizmini tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi.
Falastin rasmiylariga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi genotsid xarakteridagi hujumlari 2023-yil oktyabridan beri 68 500 dan ortiq odamning o‘limiga, 170 300 dan ortiq kishining yaralanishiga sabab bo‘lgan.















