SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Falastinda umumiy saylovlar 28 - noyabrda o‘tkaziladi
Mahmud Abbosning o‘rinbosari Husayn ash - Shayx, umumiy saylovlarning belgilangan vaqtda o‘tkazilishini ma'lum qildi.
Falastinda umumiy saylovlar 28 - noyabrda o‘tkaziladi
_

Falastin Davlati prezidentining o‘rinbosari Husayn ash - Shayx Ramallohdagi ofisida jurnalistlarga bergan bayonotida saylovlarni, ayniqsa, Falastinning geografik va demografik yaxlitligini saqlash hamda G‘azo sektorining G‘arbiy Sohildan ajralib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi milliy, siyosiy va strategik sabablar tufayli «strategik qaror» ekanini bildirdi.

Ash - Shayx umumiy saylovlar belgilanganidek noyabr oyida o‘tkazilishini qayd etib, agar saylovlarni G‘azoda yoki Falastin hududining boshqa biror qismida o‘tkazish imkoni bo‘lmasa yoxud bunga to‘sqinlik qilinsa, B rejasi ham tayyor ekanini ma’lum qildi.

Ash - Shayx B rejasi milliy kelishuv asosida Falastin Milliy kengashini tuzishdan iborat ekanini tushuntirdi.

Hamas saylovlarda o‘z nomi bilan qatnashmasligiga e’tibor qaratgan ash - Shayx, «Siyosiy tizimda ishtirok etish Falastin Ozodlik tashkilotini Falastin xalqining yagona qonuniy vakili sifatida tan olish va xalqaro qarorlarga rioya qilish orqali amalga oshiriladi» - deya ta’kidladi.

Umumiy saylovlar uchun 2026 - yil 28 - noyabr sanasi belgilangan

Shu bilan birga, Hamas vakili Hazim Qosim yozma bayonotida saylovlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishini «ijobiy pozitsiya» ekanini ta’kidlab, Falastin Prezidenti Mahmud Abbosdan ham avvalgidek saylovlarni ortga surmasligini kutayotganlarini bildirdi.

Qosim, Hamas, Falastin milliy harakatining markazida ekani va siyosiy maydonning asosiy tarkibiy qismi hisoblanishini qayd etgan.

Hamas umumiy saylovlarda ishtirok etishini bildirgan biroq bu holat imkon qadar keng milliy kelishuv asosida amalga oshirilishini ma’lum qilgan. Hamas saylovlarda boshqa falastinlik guruhlar bilan kelishilgan holda ilgari suriladigan nomzodlar orqali qatnashishi kutilmoqda.

Falastinda 2021 - yili o‘tkazilishi rejalashtirilgan qonunchilik va prezidentlik saylovlari Isroilning Sharqiy Quddusdagi falastinliklarning saylovlarda ishtirok etishini kafolatlovchi rozilikni bermagani sababli Abbos tomonidan kechiktirilgan, keyinchalik esa bekor qilingan edi.

Falastin Prezidenti Abbos 9 - iyul kuni imzolagan prezident farmoni bilan 2006 - yildan buyon o‘tkazilmagan umumiy saylovlar uchun 2026 - yiling 28 - noyabr sanasini belgilagan edi.