Suriya Prezidenti Ahmad al-Sharaa Milliy xavfsizlik byurosi va Bosh razvedka boshqarmasi rahbarligiga qator tayinlovlarni amalga oshirdi.
Suriya Arab Axborot Agentligi (SANA) yakshanba kuni xabar berishicha, Ahmad al-Sharaa Ichki ishlar vaziri Anas Xattobni Milliy xavfsizlik byurosi boshlig‘i etib tayinladi va u o‘zining avvalgi lavozimini ham saqlab qoladi. Shuningdek, Abdulqodir Tahan Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Tayinlovlar doirasida Husayn al-Salama Milliy xavfsizlik byurosi boshlig‘i o‘rinbosari, Mulham al-Shantut esa xavfsizlik masalalari bo‘yicha ichki ishlar vaziri yordamchisi etib belgilandi.
Milliy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash
Milliy xavfsizlik byurosi Suriyadagi barcha xavfsizlik idoralarini nazorat qilsa, Bosh razvedka boshqarmasi razvedka ma’lumotlarini to‘plash, ichki va tashqi xavfsizlik tahdidlarini baholash, shuningdek, josuslik va terrorizmga qarshi kurashish uchun mas’ul hisoblanadi.
Ushbu tayinlovlar Suriyaning yangi ma’muriyati tomonidan milliy xavfsizlikni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlash hamda mamlakatni qayta tiklash yo‘lidagi to‘siqlarni yengib o‘tish maqsadida amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil dekabr oyida 25 yil davomida Suriyani boshqargan Bashar al-Assad Rossiyaga chiqib ketganidan so‘ng, 1963-yildan buyon davom etib kelgan "Baas" partiyasi hukmronligi o‘z yakuniga yetgan edi. 2025-yil yanvarida esa Ahmad al-Sharaa boshchiligida o‘tish davri ma’muriyati tashkil etildi.


















