Prezident Erdo‘g‘anning maqolasi Qozog‘istonning eng nufuzli axborot agentliklaridan biri bo‘lgan Kazinform’da qozoq, ingliz va rus tillarida e’lon qilindi.
Erdo‘g‘an maqolasida quyidagilarni qayd etdi:
“Bugungi kunda mintaqaviy mojarolar va inqirozlar global miqyosda umumiy xavfsizligimiz, iqtisodiy farovonligimiz va barqarorligimiz uchun keng qamrovli tahdidga aylangan. Global tizim qarama-qarshi geosiyosiy raqobat keltirib chiqargan yangi assimetrik xavflar, energiya ta’minoti xavfsizligidagi uzilishlar va bunga bog‘liq moliyaviy tebranishlar qarshisida jiddiy sinovdan o‘tmoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellekt markazida yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar ham global tizimning zaif tomonlarini yanada chuqurlashtirmoqda. Bularning barchasi uzoq yillardan buyon ta’kidlab kelayotganimizdek, mavjud xalqaro tizim va global boshqaruv mexanizmlarining yetarli emasligini hamda islohot zarurligini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda.
2014-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidagi nutqimda xalqaro tizimning ham tuzilmasi, ham qonuniyligi bahsli holga kelganini aytib, “Dunyo beshdan kattadir” degan ibora orqali yanada adolatli dunyo mumkinligini ta’kidlagan edim. Afsus bilan aytishim kerakki, o‘sha kundan buyon global tizimni yanada adolatli va inklyuziv qilish borasida sezilarli taraqqiyotga erishilmadi. Aksincha, qoidalarga asoslangan xalqaro tartib tobora yemirilmoqda. Buning eng ochiq va fojeali misoli G‘azoda yuz berayotgan voqealardir. Isroil sodir etayotgan insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan insoniyatning umumiy qadriyatlarini oyoq osti qilmoqda.
Turkiya sifatida biz global va mintaqaviy inqirozlarni faqat “amal qilinadigan qoidalar”ga asoslangan tartib barpo etish orqali yengib o‘tish mumkin deb hisoblaymiz. Shu doirada mintaqamizda va global darajada mojarolar hamda inqirozlarni tugatish uchun ham ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida, ham mustaqil ravishda mas’uliyat olishdan qochmayapmiz. Tinchlik diplomatiyasi va vositachilik tashabbuslarimizda barcha tomonlar bilan ishonch asosida muloqot olib borib, muammolarni diplomatiya stoli atrofida hal etish uchun aniq qadamlar tashlamoqdamiz. Global tinchlik va farovonlik yo‘lida olib borayotgan prinsipial diplomatiyamizning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini mamnuniyat bilan kuzatmoqdamiz.
Biroq yanada adolatli, inklyuziv va barqaror tinchlik hamda farovonlik muhitini yaratish uchun ikki tomonlama, mintaqaviy va global hamkorliklarni kengaytirish zarurligi ayon. Shu nuqtada biz mintaqaviy nizolar avvalo mintaqa davlatlarining institutsional tashabbuslari orqali hal qilinishi kerak deb hisoblaymiz. “Mintaqaviy egalik” tamoyilimiz asosida, avvalo Turk Davlatlari Tashkiloti bo‘lishi bilan birga, a’zo bo‘lgan tashkilotlarimiz va qo‘shnilarimiz bilan qo‘shma tashabbuslarga doimo ochiq ekanimizni ta’kidlamoqchiman. BMT Xavfsizlik Kengashining tarkibiy muammolari, mintaqaviy va global mojarolarni hal qilish hamda barqaror iqtisodiy farovonlikni ta’minlash kabi deyarli barcha muhim masalalarda do‘st va qardosh Qozog‘iston bilan olib borayotgan hamkorligimiz tashqi siyosatimizda alohida o‘rin tutadi.
1991-yilda Turkiya Qozog‘iston mustaqilligini e’lon qilgan kunning o‘zida uni tan olgan ilk davlat bo‘ldi. O‘sha kundan buyon umumiy tariximiz, madaniy va ma’naviy rishtalarimizdan kuch olgan aloqalarimiz tobora mustahkamlanib bormoqda. Bizning do‘stligimiz va ma’naviy aloqalarimizning tarixi esa, shubhasiz, bundan ham qadimiydir. 2000-yillardan boshlab esa ikki tomonlama munosabatlarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi; siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda barpo etilgan institutsional mexanizmlar hamkorligimizga yanada aniq natijalar bera boshladi. Energetika, transport, logistika va mudofaa sanoati boshta bo‘lib, iqtisodiy hamkorligimiz ta’lim va madaniyat sohasidagi sherikliklar bilan yanada mustahkam asosga ega bo‘lmoqda.
2012-yilda tashkil etilgan Yuqori Darajadagi Strategik Hamkorlik Kengashi orqali iqtisodiy va savdo aloqalarimizni rivojlantirish yo‘lida muhim yutuqlarga erishdik. Bugungi kunda Qozog‘iston bilan savdo hajmimiz 10 milliard dollarga yaqinlashdi. Turk ishbilarmonlarining Qozog‘istonga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 6 milliard dollarga yaqinlashdi. Turk pudratchilari Qozog‘istonda 30 milliard dollardan ortiq qiymatga ega qariyb 550 ta loyihani amalga oshirdi. Qozog‘iston Prezidenti, qadrli birodarim Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan belgilagan savdo hajmi maqsadimiz 15 milliard dollardir. O‘zaro sa’y-harakatlar bilan bu maqsadga ham qisqa muddatda erishishimizga ishonaman.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlayotgan ta’lim, sport va madaniyat sohalaridagi aloqalarni yanada mukammal darajaga olib chiqish ham ustuvor vazifalarimizdandir. Ma’lumki, Turk Davlatlari Tashkilotining 2026-yilgi Turizm poytaxti sifatida Anqara tanlangan. Shu munosabat bilan qozog‘istonlik qardoshlarimizni boy madaniy, tarixiy va insoniy merosi bilan turk dunyosining umumiy xotirasini aks ettiruvchi poytaxtimizga taklif qilaman. Yil davomida tashkil etiladigan tarixiy, madaniy va sport tadbirlarida qozog‘istonlik birodarlarimizni oramizda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz.
14-may kuni amalga oshiriladigan Qozog‘iston tashrifi biz uchun nihoyatda muhimdir. AQSh-Isroil va Eron o‘rtasidagi inqiroz, G‘azodagi mo‘rt sulh jarayoni, mintaqamizning siyosiy hamda energetika xavfsizligi va ta’minoti bilan bog‘liq iqtisodiy sinovlar davom etayotgan bir paytda Qozog‘istonda o‘tkaziladigan ikki tomonlama uchrashuvlar katta ahamiyat kasb etmoqda . Bu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirish bilan birga xalqlarimiz o‘rtasidagi qadimiy do‘stlikka ham hissa qo‘shishiga ishonaman.
Shuningdek, ushbu tashrif doirasida Turk Davlatlari Tashkiloti Davlat Rahbarlarining norasmiy sammitida ham qatnashamiz. Sammitda turk dunyosi sifatida siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlik imkoniyatlarimizni muhokama qilamiz, mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy sinovlarni baholash imkoniga ega bo‘lamiz. Turk dunyosini ifoda etuvchi davlatlar sifatida bizlar Xoja Ahmad Yassaviyning ‘Yo‘qlar to‘ymaganda, borlar yig‘lamasa dunyo tez yemiriladi’ degan hikmatidan kelib chiqib, mintaqamiz va dunyoda tinchlik, farovonlik hamda osoyishtalik muhitini yaratish uchun mas’uliyat olishdan hech qachon chekinmaymiz.”



















