Turkiyada uyushtirilgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 konferensiyasi raisi, G‘azoning insonparvarlik va infratuzilma ehtiyojlarini iqlimga yo‘naltirilgan yechimlar orqali qondirish maqsadida boshqa D - 8 davlatlari bilan shoshilinch qo‘shma tashabbusni boshlashni taklif qildi.
Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan D - 8 iqlim harakati bo‘yicha yuqori darajadagi vazirlar yig‘ilishida so‘zga chiqqan COP31 raisi, Turkiya Atrof - muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum seshanba kuni Falastinning G‘azo hududiga amaliy yordam yetkazib berish maqsadida COP31 Antaliya – G‘azo iqlim yo‘lagini tashkil etishni taklif qildi.
Kurum qattiq qish sharoitlari G‘azoda urush va vayronagarchilik oqibatlarini yanada og‘irlashtirayotganiga e’tibor qaratib, so‘nggi yog‘ingarchiliklar minglab xonadonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgani va 40 mingdan ortiq oilaga tegishli boshpanalarga ziyon yetkazganini bildirdi.
Yomg‘ir suvlarining kanalizatsiya suvlari bilan aralashishi aholi salomatligiga tahdid solayotganini ta’kidlagan Kurum tibbiyot muassasalari, suv ta’minoti tizimlari va ta’lim infratuzilmasi hamon jiddiy bosim ostida qolayotganini qayd etdi.
Taklif etilayotgan tashabbus doirasida D - 8 davlatlari quyidagi yordam vositalarini taqdim etishi mumkin:
Quyosh energiyasida ishlaydigan mobil suv tozalash tizimlari;
Tibbiyot markazlari va suv infratuzilmasi uchun mustaqil energiya qurilmalari;
Ko‘chma drenaj uskunalari;
Chiqindilarni yig‘ish mashinalari;
Qishning og‘ir sharoitlariga moslashtirilgan boshpana modullari.
Kurum, shuningdek, bolalar ta’limidagi uzilishlar yanada kuchayishining oldini olish uchun yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
Gumanitar yordam vositalari, uskunalar va ehtiyot qismlarning uzluksiz yetkazib berilishi hayotiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan Kurum, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham qishki zarur buyumlardan foydalanish imkoniyatini tezlashtirish va infratuzilmani ta’mirlashga chaqirganini yodga soldi.
Kurum D - 8 a’zolarini adolatga sodiqliklarini amaliy yordamga aylantirishga chaqirib, G‘azoda asosiy xizmatlarni qayta tiklash birdamlik haqidagi bayonotlardan ko‘ra ko‘proq sa’y - harakatlarni talab qilishini ta’kidladi.
D - 8 doirasida iqlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash
Kurum keng ko‘lamli iqlim hamkorligi masalasiga ham to‘xtalib, COP31 raisligining xalqaro majburiyatlarni investitsiyalar, loyihalar va insonlar hayotidagi aniq ijobiy o‘zgarishlarga aylantirishni maqsad qilganini bildirdi.
U 2035 - yilgacha global yakuniy energiya iste’molida elektr energiyasi ulushini 35 foizga yetkazishni ko‘zda tutuvchi, davlatlar zimmasiga yangi majburiy milliy majburiyatlar yuklamaydigan «2035 - yilgacha global elektrlashtirish bo‘yicha 35 foizlik majburiyat» tashabbusiga e’tibor qaratdi.
Kurum, shuningdek, global miqyosda aylanma materiallardan foydalanish darajasini kamida 15 foizga yetkazish va 2035 - yilgacha yillik maishiy chiqindilar hajmining prognoz qilinayotgan o‘sishini kamida 50 foizga kamaytirishga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Toza energiya, sanoatni transformatsiya qilish, resurslardan samarali foydalanish va iqlim moliyalashtiruvi sohalarida hamkorlik muhimligini ta’kidlagan Kurum Turkiyaning «Nol chiqindi» loyihasi hamda «Antaliya yashil sanoatlashtirish kelishuvi»ga e’tibor qaratdi.
«Iqlim amaliyoti ko‘prigi» tashabbusiga ham to‘xtalgan Kurum mamlakatlar o‘z ustuvor yo‘nalishlarini mustaqil belgilashini, shu bilan birga loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanishda ko‘mak olishini bildirdi.
Joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan D - 8 atrof - muhit va iqlim vazirlarining birinchi yig‘ilishida qabul qilingan Istanbul deklaratsiyasini yodga solgan Kurum qo‘shma loyihalar, texnik bilim almashinuvi va erishilgan natijalarni muntazam kuzatib borish orqali COP31 dan keyin ham hamkorlikni davom ettirishga chaqirdi.
BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 konferensiyasi o‘tgan hafta boshlandi va juma kuni yakunlanishi rejalashtirilgan.






















