Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Istanbuldagi Dolmabaxche ofisida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Prezident Erdo‘g‘an Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuv ortidan uyushtirilgan qo‘shma matbuot anjumanida nutq so‘zladi.
Prezident Erdo‘g‘an o‘z nutqini delegatsiya a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillarini samimiy qutlash bilan boshladi.
Ukraina Prezidenti Zelenskiyni bugun yana Turkiyada kutib olishdan mamnun ekanini bildirgan Prezident Erdo‘g‘an so‘zlari davomida:
«Ukrainada to‘qnashuvlar tinimsiz davom etar ekan, urush oqibatida yuz berayotgan yo‘qotishlar va vayronagarchiliklar, afsuski, kundan - kunga ortib bormoqda. Urushda halok bo‘lganlar munosabati bilan janob Zelenskiy va do‘st Ukraina xalqiga yana bir bor hamdardlik bildiraman» - dedi.
Prezident Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Zelenskiy bilan bugungi uchrashuvda Ukrainada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan va so‘nggi davrda faollashgan sa’y - harakatlar hamda Qora dengizdagi xavfsizlik vaziyatini atroflicha muhokama qilganliklarini ta’kidlab, quyidagilarni ifoda etdi:
«Urushni, ayniqsa, AQSh Prezidenti janob Trampning sa’y - harakatlari bilan diplomatik yo‘llar orqali yakunlashga qaratilgan tashabbuslar yana jadal tus olayotganidan mamnunmiz. Aslida, Ukraina bilan Rossiya o‘rtasida mamlakatimiz mezbonligida o‘tkazilgan muzokaralar diplomatiya orqali aniq natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatgan edi. Bugungi vaziyatda ham adolatli tinchlikning mag‘lubi bo‘lmaydi degan fikrdamiz. Tinchlik yo‘lini ochish uchun qo‘limizdan kelgan barcha sa’y - harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanimizni ta’kidlamoqchiman».
«Qora dengizda keskinlikni kuchaytiradigan qadamlar hech kimga foyda keltirmasligi ayon».
Uchrashuvda Qora dengizda kema qatnovi xavfsizligini ta’minlash borasida fikr almashganliklarini bildirgan Prezident Erdo‘g‘an quyidagilarni ta’kidladi:
«Urush boshlanganidan buyon Qora dengizda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash uchun faol sa’y - harakat olib bormoqdamiz. Biroq so‘nggi davrda keskinlikning kuchayishi bilan birga, to‘qnashuvlar Qora dengizga ham yoyilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Fuqarolik kemalariga qarshi hujumlar va Qora dengizdagi keskinlikni yanada kuchaytiradigan qadamlar hech kimga foyda keltirmasligi ayon. Bu hujumlar kim tomonidan amalga oshirilishi va qanday asos keltirilishidan qat’i nazar, hech qanday tarzda qabul qila olmaymiz. Bu borada barcha tomonlarni mas’uliyat bilan harakat qilishga chaqiramiz. Qora dengizda kema qatnovi xavfsizligini qayta tiklash maqsadida tomonlar bilan muloqotlarimizni davom ettiramiz».
«Ushbu kelishuv bizni 10 milliard dollarlik savdo hajmiga erishish maqsadimizga yana bir qadam yaqinlashtirdi».
Erishilgan kelishuv Ukrainada barqaror tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y - harakatlarga ham turtki berishiga ishonishini bildirgan Prezident Erdo‘g‘an, bu masalani Rossiya bilan ham muhokama qilib, jarayonni, ayniqsa, oldinga siljitishni maqsad qilganliklarini bildirdi.
Prezident Erdo‘g‘an so‘zlari yakunida: «Bugun, shuningdek, strategik hamkorimiz Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mamlakatlarimiz o‘rtasida 2022 - yilda imzolangan Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimning 1 - oktabrdan kuchga kirishi ikki tomonlama iqtisodiy va savdo aloqalarimiz uchun muhim qadam bo‘ldi. Ushbu kelishuv bizni 10 milliard dollarlik savdo hajmiga erishish maqsadimizga yana bir qadam yaqinlashtirdi. Nihoyat, og‘ir urush sharoitlariga qaramay Ukrainani tark etmagan kompaniyalarimiz mamlakatni qayta tiklash ishlariga ham, nasib etsa, muhim hissa qo‘shishiga ishonaman. Ushbu tashrif munosabati bilan qadrli do‘stim janob Zelenskiyga minnatdorchilik bildiraman va so‘zni unga beraman» – degan ifodalarga o‘rin berdi.
Uchrashuvda Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Yashar Guler, Milliy Razvedka Tashkiloti (MRT) rahbari Ibrahim Kalın, Prezidentlik huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Burxanettin Duran, Prezidentlik huzuridagi Mudofaa sanoati boshqarmasi rahbari Haluk Go‘rgun, Prezidentning Tashqi Siyosat va xavfsizlik bo‘yicha Bosh maslahatchisi Akif Chagatay Kilich, Prezidentning Bosh maslahatchisi Zafer Chubukchu, Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) raisi o‘rinbosari va partiya Matbuot xizmati kotibi O‘mer Chelik hamda Turkiyaning Kiyevdagi elchisi Fatma Jeren Yazgan ham ishtirok etdi.






















