Prezident Erdo‘g‘anning Turkiy davlatlar tashkiloti XIII sammiti munosabati bilan yozgan maqolasi a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. “Turkiy dunyo asri: Birdamlikdan integratsiya sari” sarlavhali maqola Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Turkmaniston va Vengriyada bir kunda chop etildi.
Anqarada o‘tkaziladigan sammit oldidan e’lon qilingan maqolasini “Turkiy dunyo birligi — mushtarak tariximizdan meros bo‘lib qolgan boy qadriyatlarimiz va umumiy kelajagimizni shakllantirish irodamizning eng yorqin ifodasidir”, degan so‘zlar bilan boshlagan prezident Erdo‘g‘an muhim fikrlarni bildirdi:
“Asrlar davomida turli hududlarda ko‘plab sinovlardan o‘tgan qardosh xalqlarimizni bir-biriga bog‘lab kelgan ko‘ngil ko‘priklari bugun Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi siyosiy, insoniy, iqtisodiy va madaniy birdamligimizning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda. Turkiy dunyoning ulkan salohiyatini umumiy maqsadlar yo‘lida safarbar etish, birligimizni aniq natijalar bilan mustahkamlash va kelajak avlodlarga yanada qudratli turkiy dunyoni qoldirish barchamizning tarixiy mas’uliyatimizdir”.
Anqara sammitining ahamiyati va Turkiya qabul qilib oladigan raislik vazifasiga ham e’tibor qaratgan Erdo‘g‘an shunday dedi:
“Anqarada ‘Turkiy asr: Tilda, fikrda, ishda birlik’ shiori ostida o‘tkazadigan Turkiy davlatlar tashkilotining XIII sammitini ushbu mushtarak iroda yanada mustahkamlanadigan muhim uchrashuv deb bilaman. Sammit bilan birga jonajon Ozarbayjondan qabul qilib oladigan raislikni turkiy dunyoning umumiy maqsadlariga erishish va tashkilotimizning institutsional salohiyatini oshirish yo‘lidagi tarixiy mas’uliyat deb baholayman”.
Prezident Erdo‘g‘an Ismoil G‘aspirali meros qoldirgan birlik g‘oyasi bugun Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga yo‘nalish berayotgan ilhom manbai ekanini ta’kidladi. U Naxchivonda qo‘yilgan poydevor asosida rivojlanayotgan tashkilot mushtarak tarix va madaniyatdan kuch olib, kundan kunga ta’sirchan tuzilmaga aylanayotganini qayd etdi.
Erdo‘g‘an qardoshlikni kelajak avlodlarga yetkazadigan kuchli institutlar bilan mustahkamlash hamda umumiy irodani loyihalar orqali barqaror natijalarga aylantirish vaqti kelganini ta’kidladi.
“Turkiy davlatlar birdamligi strategik zaruratga aylandi”
Jahon siyosatidagi o‘zgarishlar va turkiy davlatlar o‘rtasidagi birdamlikning ahamiyatiga e’tibor qaratgan prezident Erdo‘g‘an quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Jahon siyosati tub o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Xalqaro tizim adolat va ishonchni ta’minlashda qiynalayotgan, urushlar va inqirozlar keng hududlarga ta’sir ko‘rsatayotgan bir davrda turkiy davlatlar birdamligi strategik zaruratga aylandi. Umumiy iroda atrofida jipslashgan turkiy davlatlar eng og‘ir sinovlarni yengib o‘tish va o‘z kelajagini belgilash qudratiga ega.
Turkiy dunyo birligining asosini har bir qardosh mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va milliy irodasiga hurmat tashkil etadi. Bu birlik mushtarak qadriyatlar bilan bir qatorda o‘zaro ishonch va manfaatlar asosida yuksaladi”.
“Turkiy dunyoning iqtisodiy integratsiyasi ustuvor vazifalarimizdan biridir”
Maqolasida turkiy dunyoning iqtisodiy integratsiyasi ahamiyatiga to‘xtalgan prezident Erdo‘g‘an Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi Sharq–G‘arb O‘rta yo‘lagi taqdim etayotgan imkoniyatlarga e’tibor qaratdi:
“Turkiy dunyoning iqtisodiy integratsiyasi tashkilotimiz kelgusi davrda alohida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan eng ustuvor vazifalardan biridir. Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi Sharq–G‘arb O‘rta yo‘lagi bu borada tarixiy imkoniyat yaratmoqda. Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo aloqalari qayta shakllanayotgan bugungi kunda turkiy mamlakatlar hududi global transport va logistika tarmoqlarining muhim markazlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega.
Temiryo‘llarimiz, portlarimiz, avtomobil yo‘llari orqali aloqalarimiz va bojxona tizimlarimizni bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit tizim sifatida rivojlantirmoqdamiz. Kaspiyning ikki sohilini bog‘laydigan har bir sarmoya qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdoni kengaytiradi va umumiy farovonligimizga hissa qo‘shadi.
Shu maqsadda Turkiy investitsiya jamg‘armasidan yanada samarali foydalanamiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdoga to‘sqinlik qilayotgan g‘ovlarni birgalikda yengib o‘tamiz, ishlab chiqarish va investitsiya sohalarida bir-birimizning salohiyatimizni oshiramiz.
Energiya resurslarimiz, qayta tiklanuvchi energiya salohiyatimiz va aloqa infratuzilmamizdan umumiy maqsadlar yo‘lida eng samarali tarzda foydalanamiz. Turkiy dunyoning barcha hududlaridagi imkoniyatlarni bir yo‘nalishda safarbar etib, ishlab chiqarish, savdo va texnologiya sohalaridagi yutuqlarimizni birgalikda ko‘paytiramiz”.
Prezident Erdo‘g‘an iqtisodiy sohada yo‘lga qo‘yilgan birdamlik xavfsizlik sohasida ham qat’iyat bilan davom ettirilayotganini bildirdi. U terrorizm, transchegaraviy jinoyatlar, kibertahdidlar va tabiiy ofatlarga qarshi imkoniyatlarni birlashtirish orqali birgalikda harakat qilish salohiyati oshirilishini qayd etdi.
Erdo‘g‘an mudofaa sanoatida tajriba almashilishi, mahalliy va milliy texnologiyalar rivojlantirilib, birgalikda ishlab chiqarish quvvati oshirilishini ta’kidladi.
“Birligimizning eng qimmatli tayanchi — mushtarak sivilizatsiyaga mansublik tuyg‘usidir”
Turkiy dunyoning mushtarak tarixiy va madaniy merosi ahamiyatiga to‘xtalgan prezident Erdo‘g‘an shunday dedi:
“Birligimizning eng qimmatli tayanchi — mushtarak sivilizatsiyaga mansublik tuyg‘usidir. Xoja Ahmad Yassaviyning hikmati, Alisher Navoiyning kalomi, Nizomiy Ganjaviyning ma’rifati, Maxtumquli Firog‘iyning misralari, Yunus Emroning ko‘ngil tili va Chingiz Aytmatovning qalami yagona buyuk sivilizatsiyaning sarhadlardan oshgan boyligini namoyon etib, kelajagiga nur sochuvchi timsollardir”.
Erdo‘g‘an: “Umumiy turkiy alifbo borasida namoyon etilgan iroda madaniy yaqinlashuvimiz uchun tarixiy qadamdir”, deya ta’kidladi va so‘zini quyidagicha davom ettirdi:
“Bu qadamni ta’lim, ilm-fan, noshirlik va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorligimiz bilan yanada rivojlantiramiz. Yoshlarimizning qardosh mamlakatlarda ta’lim olishini rag‘batlantiramiz, universitetlarimiz va olimlarimizni birlashtiramiz hamda turkiy tillarning sun’iy intellekt davrida munosib o‘rin egallashini ta’minlaymiz. Bilim, tajriba va imkoniyatlarimizni birlashtirib, turkiy dunyo kelajagini birgalikda shakllantiramiz”.
“Kipr turk xalqi bilan birdamligimizni davom ettirmoqdamiz”
Prezident Erdo‘g‘an maqolasida Kipr turk xalqining huquqlarini himoya qilish va Turkiy davlatlar tashkiloti bilan aloqalarini mustahkamlash haqida quyidagilarni qayd etdi:
“Ushbu qadimiy sivilizatsiya zimmamizga yuklagan mas’uliyat — har qanday sharoitda qardoshligimizni asrab, bir-birimizning haq-huquqlarimizni himoya qilishdir. Turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Kipr turk xalqi bilan birdamligimizni ham shu tushuncha asosida davom ettirmoqdamiz.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotimizdagi kuzatuvchi maqomi taqdim etayotgan imkoniyatlarni kengaytirish va qardosh mamlakatlar bilan aloqalarini mustahkamlashga katta ahamiyat beramiz. Kipr turklariga nisbatan qo‘llanayotgan adolatsiz yakkalash choralarini tugatish, ularning suveren tengligi va teng xalqaro maqomini tan olish borasidagi qat’iy pozitsiyamizni saqlab qolamiz.
Turkiy davlatlar tashkilotining kuchayishi mushtarak hududimizda tinchlik va o‘zaro ishonchning mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi. Tashkilotimiz hamkorlik va birdamlikka asoslangan yondashuvi bilan mintaqaviy hamda global barqarorlikka hissa qo‘shishda davom etadi.
Turkiy davlatlar tashkiloti oldidagi asosiy vazifa — umumiy irodamizni iqtisodiy, siyosiy, madaniy va texnologik sohalarda barqaror yutuqlarga aylantirishdir. Oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarimiz qardosh xalqlarimizning osoyishtaligi, farovonligi va taraqqiyotida aniq natijalar sifatida namoyon bo‘lishi bilan qudratimiz yanada mustahkamlanadi”.
“XXI asrning ‘Turkiy dunyo asri’ bo‘lishiga chin dildan ishonaman”
Prezident Erdo‘g‘an maqolasini quyidagi so‘zlar bilan yakunladi:
“XXI asrning ‘Turkiy dunyo asri’ bo‘lishiga chin dildan ishonaman. Anqara sammiti bu maqsad sari yangi ufqlar ochadi, tashkilotimizning xalqaro maydondagi ta’sirini oshiradi va qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi birdamlikni yanada mustahkamlaydi.
Asrlar davomida qalbimizda asrab kelgan birlik g‘oyasini bardavom bunyodkorlik ishlari bilan ro‘yobga chiqarish va kelajak avlodlarga har jihatdan yanada qudratli turkiy dunyoni meros qoldirish eng ulug‘ vazifamizdir”.





















