Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligi Saudiya Arabistoniga qarshi amalga oshirilgan insonsiz havo transporti (IHT) hujumlarini qat’iy qoralab, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan bunday hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Vazirlik mavzu haqida bergan bayonotida: «Iroq hududidan amalga oshirilgan va Saudiya Arabistonini nishonga olgan insonsiz havo transporti (IHT) hujumlarini qat’iy qoralaymiz» - degan ifodalarga o‘rin berdi. Unda shuningdek, Saudiya Arabistonining mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab - quvvatlash yana bir bor ta’kidlanib, Saudiya Arabistoni rasmiylarining mintaqadagi keskinlikni kuchaytirmaslik borasidagi vazmin munosabati olqishlangani bildirildi.
Bayonotda Iroq hukumatining mazkur hujumlarni qoralab, voqeani oydinlashtirish va aybdorlarni aniqlash maqsadida zudlik bilan tergov boshlaganidan mamnun ekanini bildirilgan va quyidagilar qayd etilgan:
«Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan bunday hujumlarni imkon qadar tezroq to‘xtatish hamda keskinlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan qadamlardan tiyilish haqidagi chaqirig‘imizni yana bir bor takrorlaymiz».
Saudiya Arabistoni javob qaytarmaslik haqida qaror qabul qildi
Saudiya Arabistoni Iroqdan uchirilgani aytilayotgan insonsiz havo transportlari (IHT) yordamida amalga oshirilgan hujumlarda Sharq - G‘arb neft quvuri nishonga olinganini ma’lum qilib, hujumlar oqibatida jabrlanganlar va moddiy ziyon qayd etilganini bildirgan edi.
Ar - Riyod hukumati Iroq Bosh vaziri Ali az - Zaydiyning talabi ortidan «hozirgi bosqichda javob qaytarmaslik»ni afzal ko‘rganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, o‘z mustaqilligi va xavfsizligini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolganini bildirdi.























