Qozog‘istonda mamlakatning yangi 145 o‘rinli bir palatali qonun chiqaruvchi organi — Qurultoy uchun o‘tkazilayotgan ilk saylovlar doirasida 10 ming 400 dan ortiq saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da (02:00 GMT) ochildi va soat 20:00 da (03:00 GMT) yopilishi rejalashtirilgan.
Qozog‘iston fuqarolari 61 ta davlatdagi diplomatik vakolatxonalarda tashkil etilgan 79 ta saylov uchastkasida ham ovoz berishi mumkin. Xavfsizlik sababli Eron va Ukrainada ovoz berish jarayoni to‘xtatilgan bo‘lsa, Efiopiyadagi Qozog‘iston elchixonasida ro‘yxatdan o‘tgan qozog‘istonlik fuqarolar bo‘lmagani sababli saylov uchastkasi tashkil etilmadi.
Yangi Konstitutsiya doirasidagi ilk ovoz berish
Saylov Qozog‘istonning avvalgi ikki palatali parlamentini tugatib, uning o‘rniga 145 deputatdan iborat bir palatali qonun chiqaruvchi organni joriy etgan yangi Konstitutsiya asosida o‘tkazilmoqda. Saylovchilar Adolat, Milliy sotsial - demokratik partiyasi, Baytak, Qozog‘iston Xalq partiyasi, Auyl, Aq - jol va Respublika kabi yetti partiyadan biri yoki «hech biri» variantini tanlashi mumkin.
Yangi Qurultoy avvalgi partiya ro‘yxatlari va kichik saylov okruglarini birlashtirgan tizim o‘rniga to‘liq partiya ro‘yxatlari asosida shakllantiriladi. Partiyalar parlamentga kirishi uchun kamida 5 foiz ovoz olishi kerak.
Turkiyadan OSK delegatsiyasi ham saylovlarni kuzatmoqda
Saylovlarni 42 davlat va 13 xalqaro tashkilot nomidan 777 nafar xalqaro kuzatuvchi joyida kuzatmoqda.
Turkiyadan ham Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) deputatlari va Oliy Saylov kengashi a’zolaridan iborat delegatsiya Qozog‘istondagi saylovlarni kuzatmoqda.
Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart To‘qayev saylovda ovoz berdi
Poytaxt Ostona shahridagi Mustaqillik saroyida joylashgan 520 - sonli saylov uchastkasida ovoz bergan To‘qayev shundan so‘ng jurnalistlarga bayonot berdi.
Qasim - Jo‘mart To‘qayev mamlakatda ilk bor bir palatali Qurultoy uchun saylov o‘tkazilayotganini ta’kidlab, bugun Qozog‘iston uchun “haqiqatan ham tarixiy kun” ekanini bildirdi.
To‘qayev: «Biz millat sifatida jipslashib, keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Buni barchangiz yaxshi bilasiz va mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lib turibsiz. Muhim natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldik. Shu bilan birga, oldimizda yanada katta ishlar turibdi va o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz alohida ahamiyatga ega. Bugungi saylovlar ana shu katta ishlarning boshlanishidir» - dedi.
Xavfsizlik choralari
Ichki Ishlar vazirligi Matbuot xizmati kotibi Shingig Alekseyev, Qozog‘iston politsiyasi, saylov kuni yuqori darajadagi shaylik holatiga o‘tkazilganini bildirdi. Uning qayd etishicha, barcha saylov uchastkalari xavfsizlik nuqtayi nazaridan tekshirilgan va 24 soatlik rejimda qo‘riqlanmoqda.
Markaziy Saylov komissiyasi mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalari ochilganidan uch soat o‘tib, saylovchilarning ishtirok etish darajasi 17,96 foizni tashkil etganini ma’lum qildi. Saylovda ishtirok etish uchun qariyb 12,6 million saylovchi ro‘yxatga olingan.


















