Janubiy Koreyaning kriptovalyuta birjasi Bithumb shanba kuni bergan bayonotida, reklama aksiyasi doirasida mijozlariga xatolik tufayli 40 milliard dollardan ortiq bitkoin (BTC) tarqatganini va bu holat birjadagi narxlarning keskin tushib ketishiga olib kelganini bildirdi.
Bithumb juma kuni yuz bergan ushbu texnik xato uchun uzr so‘rab, joriy narxlarda taxminan 44 milliard dollar qiymatidagi 620,000 dona bitkoinning 99,7 foizini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi. Juma kuni sodir bo‘lgan ushbu noto‘g‘ri taqsimotdan so‘ng, birja 35 daqiqa ichida xatolikdan ta’sirlangan 695 nafar mijozning savdo va mablag‘ chiqarish operatsiyalarini cheklab qo‘ygan.
Reja 1.37 dollar edi, natija esa 2,000 bitkoin bo‘ldi
Aslida birja reklama tadbiri doirasida har bir foydalanuvchiga 2,000 Koreya voni (taxminan 1,37 dollar) yoki shunga yaqin miqdorda kichik naqd pul mukofotlarini tarqatishni rejalashtirgan edi. Biroq, OAV xabarlariga ko‘ra, tizimdagi xato tufayli g‘oliblar ushbu mablag‘ o‘rniga kamida 2,000 donadan bitkoin olishgan.
Bithumb o‘z bayonotida quyidagilarni ta’kidladi:
"Ushbu hodisaning tashqi kiberhujumlar yoki xavfsizlik qoidalarining buzilishi bilan aloqasi yo‘qligini va tizim xavfsizligi yoki mijozlar aktivlarini boshqarish bilan bog‘liq hech qanday muammo mavjud emasligini aniq ko‘rsatib o‘tmoqchimiz."
Bozordagi keskin pasayish
Bithumb birjasi grafiklariga ko‘ra, juma oqshomida bitkoin narxi qisqa muddat ichida 17 foizga tushib, 81,1 million von darajasigacha pasaydi . Narxlar keyinchalik qayta tiklandi va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 104,5 million von atrofida savdo qilingan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Bithumb Janubiy Koreya kriptovalyuta bozorida Upbit birjasidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi yirik ishtirokchi hisoblanadi.



















