Hujum Fransiya matbuotida seshanba kuni e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, Niger shimolida, jangarilar zo‘ravonligi va transchegaraviy kontrabanda avj olgan hududda qurolli shaxslarning politsiya mahkamasiga hujum qilishi natijasida kamida 10 nafar xavfsizlik xodimi hayotdan ko‘z yumdi.
"Radio France Internationale" (RFI) ma’lumotiga ko‘ra, hujum Shimoliy Afrikaga qarab yo‘l olayotgan G‘arbiy Afrikalik muhojirlarning muhim o‘tish nuqtasi hisoblangan, Jazoir chegarasiga yaqin cho‘l shaharchasi — Assamakadagi politsiya mahkamasini nishonga olgan.
Niger xavfsizlik manbalari qurolli hujumchilar oltita pikapda kelib, dushanba kuni mahkamaga qarata o‘t ochganliklarini bildirdi. To‘qnashuvlar davomida ikki hujumchi ham o‘ldirilgan. Hozircha hujum uchun javobgarlikni hech bir guruh o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
Ittifoq Mazkur zo‘ravonlik voqeasi Niger , Mali va Burkina-Faso Sahel mintaqasidagi isyonchi guruhlarga qarshi kurashish maqsadida yangi tashkil etilgan qo‘shma kuch doirasida xavfsizlik hamkorligini chuqurlashtirishga harakat qilayotgan bir paytda yuz berdi. 20-dekabrda ushbu uch mamlakat terrorizmga qarshi qo‘shma operatsiyalar o‘tkazish, chegara xavfsizligini kuchaytirish va razvedka ma’lumotlarini almashishni oshirish uchun mo‘ljallangan 5 000 kishilik "Sahro Davlatlari Ittifoqi Birlashgan Kuchi"ni (FU-AES) rasman ishga tushirdi.
Markazi Niameyda joylagan ushbu kuch uch davlatning G‘arbiy xavfsizlik hamkorliklaridan uzoqlashish tendensiyasini aks ettiradi. Rasmiylar hali kuchlarning to‘liq joylashtirilganini e’lon qilmagan bo‘lsa-da, huquqiy asos tahdidlar kuchaygan taqdirda tezkor harakat qilish imkonini beradi.















