Tel-Aviv shimoliy chegaradagi taranglik ortib borayotgan bir paytda harbiy keskinlashuvni ko‘rib chiqmoqda. Hizbullohning hujum va mudofaa salohiyatini tiklashga urinyapti degan iddaolar ilgari surilmoqda.
Isroil davlat telekanali KAN juma kuni xabar berganiga ko‘ra, Isroil Livandagi harbiy keskinlashuvni ko‘rib chiqmoqda. Bu qaror, Hizbullohning harbiy imkoniyatlarini oshirishga urinayotgani haqidagi da’volarga asoslanmoqda.
Bosh vazir Netanyaxu payshanba kuni Livandagi so‘nggi voqealarni muhokama qilish uchun qisqa xavfsizlik yig‘ilishini o‘tkazgan. Hisobotda aytilishicha, yig‘ilishda Hizbullohning hujum va mudofaa imkoniyatlarini qayta tiklashga urinayotgani haqidagi iddaolar muhokama qilingan.
Isroillik yuqori martabali bir amaldor telekanalga bergan intervyusida:
“Hizbulloh harbiy infratuzilmasining bir qismini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi,”
— deya ta’kidlab, bu holatni “Livandagi amaldagi xavfsizlik kelishuvining to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishi” deb atagan.
Boshqa Isroil manbalariga ko‘ra, Hizbulloh “so‘nggi oylarda Suriya hududidan Livanga yuzlab qisqa masofali raketalarni yashirincha olib kirgan” va o‘z rahbariyat tuzilmasini qayta shakllantirishga urinmoqda.
Biroq, Isroil bu ayblovlariga hech qanday ishonchli dalil yoki razvedka ma’lumotlarini taqdim etmagan. Ilgari ham Isroil G’azo, Livan va Suriya hududlariga hujumlarni oqlash uchun shunga o‘xshash da’volarni ilgari surgan, biroq ularni isbotlay olmagan edi.
Hizbulloh hozircha bu ayblovlarga javob bermagan.
Bu voqealar, chegara bo‘ylab ortib borayotgan taranglik fonida yuz bermoqda. Isroil armiyasi 2024-yil oxirlarida e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, janubiy Livanga havo hujumlarini kuchaytirgan va deyarli har kuni Livan hududida hujumlarni davom ettirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning 2023-yil oktabrida boshlangan va 2024-yil sentyabrida keng ko‘lamli hujumga aylangan Livandagi harbiy amaliyotlari natijasida 4 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, taxminan 17 ming kishi yaralangan.
Isroil bilan Livan o‘rtasida 2024-yil noyabr oyida sulh bitimi imzolangan edi. Rejaga ko‘ra, Isroil armiyasi bu yil yanvar oyida janubiy Livandan to‘liq chiqib ketishi kerak edi, biroq u faqat qisman chiqdi va chegara bo‘ylab joylashgan beshta harbiy postda hali ham askarlarini saqlab qolmoqda.











